Jamiyat | 11:36 / 10.08.2016
22709
3 daqiqa o‘qiladi

Bryus Li: O‘zing yo‘l qo‘ymasang, hech kim seni xafa qila olmaydi

 Sharq yakkakurashi ustasi, afsonaviy aktyor va "XX  asrning faylasuflaridan biri" Bryus Lining maxfiy mushohadalari birinchi marta nashr yuzini ko‘rdi - ularni Brain Pickings sayti taqdim etdi.

Bryus Li falsafani hayotining ajralmas qismi deb hisoblagan. Uning 1968 yilgi falsafiy yozuvlarini chop etgan manbaga ko‘ra, Li miyasiga kelgan fikrni yozib qo‘yish uchun hatto mashg‘ulotlarini to‘xtatib turardi. Quyida uning bir necha falsafiy mushohadalarini e'tiboringizga havola etamiz. 

Iroda haqida

"Men miyamning barcha bo‘limlari uchun irodani oliy sud sifatida tan olib, maqsad sari harakat qilishda uni har kuni qo‘llayman; men bir kunda bir marta bo‘lsa ham uni qo‘llashni odat tusiga aylantirganman". 

His-tuyg‘ular haqida

"His-tuyg‘ularim ham ijobiy, ham salbiy bo‘lishini inobatga olib, men ko‘proq ijobiy his-tuyg‘ularni his qilishni odat tusiga aylantiraman, salbiy hissiyotlarni esa biror bir foydali faoliyatga sarflayman".

Hayot haqida

"Hayotdan o‘zing kutganingdan ortiq narsani ololmaysan. Fikrlaringni jamlab, nimani istashing va istamasliging haqida aniq qarorga kelib ol. Atrofingda sodir bo‘layotgan voqealarga xotirjam munosabatda bo‘l. O‘zing yo‘l qo‘ymasang, hech kim seni xafa qila olmaydi".

Kinoaktyor, rejissyor, prodyuser, ssenariynavis va asosiysi - sharq yakkakurashi ustasi Bryus Li 1940 yilning 27 noyabrida San-Frantsiskoda tavallud topgan. U bolaligidan filmlarda suratga tusha boshlagan. Li Vashington universitetida tahsil olgan. Uning ishtirokidagi "Katta xo‘jayin" (1971) va "G‘azabnok musht" (1972) filmlari misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishgan. 

Bryus Li 1973 yilning 20 iyulida Honkongda bosh og‘rig‘i dorisini ichib, hayotdan erta ko‘z yumgan. "Ajdarhoning chiqishi" (1973) kartinasi Bryus Lining so‘nggi filmi bo‘lib, u aktyorning o‘limidan bir necha hafta o‘tib ekran yuzini ko‘rgan.