Jahon | 06:51 / 10.08.2016
4140
2 daqiqa o‘qiladi

Delta AirLines aviakompaniyasi 500 dan ko‘proq reysini bekor qildi

AQShning Delta AirLines aviakompaniyasi 8 avgustda kompyuter tizimida yuz bergan nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarning davom etishi sababli 9 avgustda 500 dan ko‘proq reysini bekor qildi.

"Delta 530 ga yaqin reysni bekor qildi, 1,6 mingdan ko‘proq reys amalga oshirildi, kompaniya parvozlar jadvalini buzgan nosozlikni bartaraf etish bo‘yicha faol ishlamoqda", deb aytildi kompaniyada.

Avvalroq kompaniyaning bosh vitse-prezidenti Deyv Xoltts 8 avgust kuni mutaxassislar "kompyuter tizimini muammo yuz bergandan keyin bir necha soat ichida tiklashganini" ma'lum qilgandi. Biroq u tizimni normal holatga keltirishning hali iloji bo‘lmaganini tan olgan. "Biz normal tartibga qaytish uchun barcha imkoni bor narsani amalga oshirmoqdamiz, reyslarning yangi ushlanishi va bekor qilinishini kutmoqdamiz", deb aytdi Xoltts va noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘ragan.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, aviakompaniya 8 avgustda butun dunyo bo‘ylab 1000 dan ortiq reysini bekor qilishga majbur bo‘lgan. 9 avgustda kompaniya reyslari 3 soatdan ko‘proq ushlangan yoki bekor qilingan barcha yo‘lovchilarga 200 dollarlik vaucherlar berilishini aytgan, bu vaucherlardan kompaniya xizmatlariga haq to‘lashda foydalanish mumkin.

Aviakompaniya kompyuter tizimida nosozlik Atlanta shahrida elektr energiyaning o‘chirilishi sababli yuz bergan. Ta'kidlanishicha, aviakompaniyaning muammo yuz bergan vaqtda parvozni amalga oshirayotgan barcha samolyotlaridagi vaziyat me'yorida bo‘lgan.