Jahon | 20:37 / 10.08.2016
10674
3 daqiqa o‘qiladi

Eronning sobiq prezidenti Obamaga xat yozgani tufayli doshnomlarga qoldi

Foto: © RIA

Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod 8 avgustda AQSh prezidenti Barak Obamaga yuborgan xati tufayli eronliklar tomonidan ommaviy tanqidlarga uchradi. 

Ahmadinajod o‘z maktubida Eronning muzlatilgan 2 mlrd dollarlik aktivlarining qaytarilmasligi haqidagi sud qarorini bekor qilishni talab qilgan. Ushbu qaror joriy bahorda AQSh federal sudi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, u bu mablag‘ni 1983 yilda Bayrutda amalga oshirilgan teraktda halok bo‘lgan amerikalik harbiylar oilalariga berishga hukm qilgan. AQShning fikricha, bu teraktga Eronning aloqasi bor.   

Bu maktubdan keyin Ahmadinajod Eron rasmiy shaxslari va matbuoti tomonidan ko‘plab tanqidlarga uchradi. Tanqidlarning asosiy mazmuni shundan iboratki, Ahmadinajod istagan odami bilan qancha istasa xat yozishishi mumkin, biroq rasmiy, yana boz ustiga "Eronning eng ashaddiy dushmani yetakchisi" bilan xat yozishishga hech qanday huquqqa ega emas.  

"Ahmadinajod tomonidan ko‘rilgan tashqi siyosiy qadamlar hech qanday foyda keltirmaydi. Ular faqatgina mamlakatga ziyon yetkazishi mumkin", deb aytdi Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha qo‘mitasi a'zosi Hoshmat Falahatposha. U "oxirgi yillarda Eronning amaldagi hukumatini AQSh bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralari uchun tanqid qilgan va amerikaliklar bilan har qanday aloqalarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytgan va endi bo‘lsa Obamaga xat yozayotgan" Ahmadinajodning harakatlari bir-biriga zidligini aytdi. 

Eronning "Jumhuriya islomi" nufuzli gazetasining fikricha, Ahmadinajod shu tariqa Eronda 2017 yil mayga belgilangan navbatdagi prezidentlik saylovlari oldidan jamoatchilikning o‘z shaxsiga qiziqishini jonlantirishga urinmoqda, uning Obamaga maktubi esa muvaffaqiyatsiz piar aksiyadir.      

Ahmadinajod Eronni 2005-2013 yillar davomida boshqargan. Oxirgi prezidentlik saylovlarida Ahmadinajod o‘z nomzodini qo‘yishga haqqi bo‘lmagan, chunki mamlakat konstitutsiyasi ketma-ket uch marta prezident bo‘lishni taqiqlaydi, biroq 2017 yil 19 mayga belgilangan navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok eta oladi. Ayni vaqtda Ahmadinajod Tehron texnologik universiteti rahbari hisoblanadi.