Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fazliddin G‘oibnazarov: Farzandli bo‘lganim Olimpiadada menga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi
Bugun Rio Olimpiadasining beshinchi kungi musobaqalarida uch nafar bokschimiz ringga ko‘tariladi.
Olimpiya o‘yinlarida ikkinchi marta ishtirok etayotgan bokschimiz Fazliddin G‘oibnazarov (-64 kg.) ushbu Olimpiadadagi ilk jangini kongolik Dival Malongoga qarshi o‘tkazadi.
Bokschimiz bo‘lajak jangdan oldin o‘z fikrlarini bildirar ekan, unga puxta tayyorgarlik ko‘rganligi va murabbiylar bilan raqiblarini yaxshi o‘rganib chiqqanligi ta'kidlab o‘tdi.
– Ayni damda barcha bokschimizning kayfiyati yaxshi. Buni ortda qolgan janglardagi g‘alabalardan ham bilsa bo‘ladi. Oldimizda ko‘plab janglar turibdi. Barchamiz faqat g‘oliblikni maqsad qilganmiz. Buning uchun mashg‘ulotlarda murabbiylar bilan xatolar ustiga qattiq mehnat qildik. O‘ylaymanki, Olimpiada bellashuvlariga tayyorman. Maqsadim faqat oltin medalni qo‘lga kiritish, – deydi bokschimiz Sports.uz internet portaliga.
– Xursand qiladigan voqealardan biri 8 avgust kuni ikkinchi marta ota bo‘ldim. Bu bo‘lajak jang oldidan menga yana kuch beradi. Nasib qilsa, yaqinlashib kelayotgan Vatanimizning 25 yillik Mustaqillik bayramiga oltin medal sovg‘a qilishni maqsad qilganman. Buning uchun barcha imkoniyatlarimni ishga solaman.