KT Corporation O‘zbekistonda elektron hisoblagichlarni ishlab chiqarishi mumkin
Janubiy Koreyaning KT Corporation rahbari Li Bek Xim 9-avgust kuni O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida muzokaralar o‘tkazgan.
Vazirlik matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, tomonlar elektr energetikasi iste'molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini barpo etish loyihasi doirasida elektron hisoblagichlar ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish masalasini muhokama etishgan.
Eslatib o‘tamiz, KT Corp. O‘zbekistonning uch viloyatida elektr energiyasini hisobga olish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha 101 mln dollarlik tender g‘olibi bo‘lgandi.
2015-yili «O‘zbekenergo» AJ bilan imzolangan shartnomaga muvofiq, kompaniya Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 1 mln dona elektr hisoblagichlarni o‘rnatadi va ikki tomonlama aloqa texnologiyasi negizida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini barpo etadi. Loyiha 28 oy mobaynida amalga oshiriladi.
Umuman, elektr energiyasini avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olish va nazorat qilish tizimi loyihasining tannarxi 207,4 mln dollar bo‘lib, u Osiyo Taraqqiyot banki (150 mln dollar) hamda «O‘zbekenergo»ning o‘z mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilmoqda. Loyihaning texnologik qismini Korea Telecom amalga oshirsa, o‘zbek tomoni barcha infratuzilmalarni barpo etadi.