Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish amalga oshganida kim prezident bo‘lishi rejalashtirilganini aniqladi
Turkiyada 15 iyul oqshomida harbiy davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan isyonchilar agar o‘z maqsadlariga erishishganida Turkiya Harbiy havo kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, general Aqin O‘zturkni mamlakat prezidenti etib tayinlamoqchi bo‘lishgan. Bu haqda prokuraturadagi manbasiga asoslangan holda Hurriyet xabar tarqatdi.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, isyonchilarning hukumatni taqsimlab olish rejasi ifodalangan ro‘yxat tuzilgan. Unga ko‘ra, O‘zturk Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘rnini egallashi ko‘zda tutilgandi.

Nashrning qayd etishicha, isyonchilarning rejalari Turkiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Xulusi Akarning faol aralashuvi ortidan barbod bo‘lgandi.
Tergovning aniqlashicha, fitnachilar muvaffaqiyat qozongan taqdirda Akar o‘z vazifasini bajarishda davom etishi, uning o‘rinbosari lavozimini esa general Mexmet Dishli egallashi mumkin edi.
Akin O‘zturk oldinroq o‘z ko‘rsatmalarida Xulusi Akar bilan til biriktirganini ma'lum qilgandi.
Anadolu agentligi sayti tergov jarayonidagi O‘zturk isyon tashkilotchiligi bo‘yicha ayblovga iqror bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq bu xabar saytdan olib tashlandi.
16 iyulga o‘tar kechasi harbiy isyonchilar Anqara va Istanbulga tanklar bilan kirib, Turkiyada davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinishdi. Hukumat xalq yordamida bu isyonni bostirdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, qarama-qarshiliklar vaqtida tinch ahol vakillaridan 246 kishi halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Isyonchilarning talofatlari hisoblanmagan.
Hukumat muxolifat yetakchisi, AQShda istiqomat qiluvchi ulamo Fathulloh Gulenni isyon ilhomchisi sifatida aybladi.
Isyonning keyingi kunlarida olib borilgan yalpi tozalash tadbirlari davomida harbiylar, politsiyachilar, sudyalar, o‘qituvchilar va boshqa davlat xizmatchilari bo‘lgan 60 mingdan ortiq kishi Gulenga aloqadorlikda gumon qilinib ishdan haydaldi. Shuningdek, 25 mingga yaqin kishi isyonga aloqadorligi gumon qilinib, qo‘lga olindi, ulardan 16 mingdan ortig‘i hibs qilingan.
21 iyul kuni mamlakatda 3 oy muddatga favqulodda vaziyat tartibi kiritildi.