Jahon | 17:34 / 10.08.2016
6749
1 daqiqa o‘qiladi

Turkiya TIV: Rossiya bilan mudofaa sohasida hamkorlik NATOga qarshi emas

Turkiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari Mavlud Chavusho‘g‘li Turkiyaning mudofaa sohasida Rossiya bilan hamkorlik qilishini NATOga qarshi qaratilgan, deb baholamaslikka chaqirgan. Bu haqda Anadolu agentligi xabar qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, NATOning ayrim mamlakatlari ham mudofaa sohasi, xususan raketa texnologiyalari borasida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi. 

«Turkiya ushbu masala bo‘yicha shu kunga qadar faqat NATO mamlakatlari bilan hamkorlik qilib kelgan. Biroq, natijalar bizni qanoatlantirmadi. Shu sababdan, tabiiyki yangi hamkorlarni qidira boshladik. Ammo, biz buni NATOga qarshi qadam deb hisoblamaymiz», — degan vazir.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Sankt-Peterburgda uchrashgach, Moskva bilan mudofaa sohasida hamkorlik qilish niyati borligini bildirgan edi.