Jamiyat | 11:14 / 11.08.2016
16908
5 daqiqa o‘qiladi

Ismat Bekmuradov:  “Yaqin yillarda balki, xitoy tili dunyo tiliga aylanar!..”

Bugungi kunda ko‘pchilik, xitoy tilini o‘rganish murakkabligini ta'kidlaydi. Ammo statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining har besh nafaridan biri xitoy tilini o‘rganishni istamoqda. Shu sababli, biz Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Jahon siyosati, tarix va falsafa fakulteti dekani, siyosatshunoslik fanlari doktori, xitoyshunos olim Ismat Bekmuradov bilan suhbatlashdik. 

- Assalomu alaykum Ismat aka, avvalo, sizni Kun.uz ijodiy jamoasi nomidan yurtimiz mustaqilligining 25 yilligi bilan tabriklayman! Suhbatimizni siz faoliyat ko‘rsatayotgan oliygohda Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ishlari haqida boshlasak?

- Qutlov uchun tashakkur. Kirib kelayotgan ulug‘ ayyom barchaga muborak bo‘lsin. Ayni kunlarda institutimizda 25 yillik shodiyonaga qizg‘in tayyorgarlik ketmoqda. Birinchi navbatda, o‘quv yili oldidan obodonlashtirish, binolarni qayta ta'mirlash ishlari. Qolaversa, yangi o‘quv dastur rejalari ustida ish olib boryapmiz. Sentyabr oyida taniqli professorlar, olimlar, hozirgi kunda respublikamizda xizmat o‘tayotgan davlatlar elchilari bilan uchrashuvlar tashkillashtirishni maqsad qilganmiz. Yana bir quvonarli jihat, bu yilgi bayram jamoamiz uchun qo‘shaloq, boisi ta'lim muassasamiz ham 25 yoshga to‘ladi. Tantanalarni nishonlash uchun ma'suliyat har qachongidan ko‘ra ortiq.

- E'tirof etish joiz, Sharqshunoslik instituti Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Sharqshunos tarjimonlarga esa, davr talabi sifatida alohida  e'tibor qaratilmoqda?

- Darhaqiqat, malakali sharqshunos tarjimonlarga ehtiyoj kundan kunga ortib bormoqda. Ayniqsa, bugungi kunda O‘zbekistonning asosiy hamkorlari Osiyo davlatlari ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, sharq mamlakatlarining tillari, adabiyoti, madaniyati va siyosatini chuqur biladigan kadrlar tayyorlash zimmamizdagi asosiy vazifalar sirasiga kiradi. Birgina, 2014 yilda, institutimizda Prezidentimiz qarorlari bilan “Xitoyshunoslik” fakulteti tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu fakultetning moddiy bazasini yaxshilash maqsadida, hukumat tomonidan samarali rejalar amalga oshirildi. Shuningdek, hozirda 50 dan ortiq sobiq talabamiz qator davlatlarda diplomatik vakil vazifalarida xizmat qilishmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ham o‘qituvchilarimiz tarjimonlik vazifsini bajarishdi. Qolaversa, har yili 70 ga yaqin o‘quvchimiz Osiyo davlatlarida badiiy tarjima, sinxron tarjima yo‘nalishlarida ma'lum muddat ta'lim olib qaytishmoqda. 

- Mutaxassis sifatida xitoy tilini o‘rganishni niyat qilganlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

- BMTning bugungi kunda 5 ta ish tili mavjud. Xitoy tili ham ushbu 5 tilning biri hisoblanadi. Ko‘pchilik xitoy tilini o‘rganishga qiynalishlarini aytishadi. To‘g‘ri, mazkur til boshqa tillarga nisbatan iyegroflar soni ko‘pligi bo‘yicha birinchi o‘rinda. Alohida talaffuzga egaligini ham ta'kidlash o‘rinli. Lekin bu murakkab degani emas! Biror narsani o‘rganish uchun, avvalo, odamda sabr-qanoat, qiziqish hissi yuqori bo‘lishi darkor. Shundagina maqsadga erishiladi. Birgina, yaqin-yaqingacha Qamchiq dovonidan poyezd yo‘li o‘tishiga ishonilmagan. Mana, “o‘zbek-xitoy jamoasi” buni uddalashdi. Yana bir gap, dunyoda ingliz tili bugun yetakchilik qilmoqda, ikkinchi o‘rinni xitoy tili band etgan. Ayrim nashrlarning taxminlariga ko‘ra, yaqin 50 yilda ingliz tili o‘z o‘rnini xitoy tiliga bo‘shatib berishi ehtimoldan xoli emas.

- Siyosatshunos fanlari doktori yosh siyosatshunoslar e'tiborini nimaga qaratadi? 

- Tarixdan ma'lum ilk uyg‘onish davrini, dastlab Sharq davlatlari boshlab bergan. Keyinchlalik Yevropada bu jarayon boshlanib, rivojlanishda peshqadamlik ular tomoniga o‘tib ketdi. Osiyo hozirgi kunga kelib, rivojlanishda Yevropadan o‘zib ketish arafasida. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, bo‘lg‘usi siyosatshunoslarimiz, Osiyo mamlakatlarining tarixini o‘rganishlari, ayni vaqtdagi siyosiy faoliyatini chuqur idrok etishlari lozim. Davr bugungi diplomatik vakildan kamida uch tilni bilishni taqozo etmoqda. Birinchi galda ular O‘zbekiston so‘zining qudratini jahonga namoyon qilish. Mamlakatimizni ham madaniy, ham iqtisodiy qudratini yanada oshirishlari kerak, deb o‘ylayman.

- Kelajakdagi rejalaringiz haqida to‘xtalsangiz?

- Bir necha yil oldin nufuzli Shanxay Hamkorlik Tashkilotining faoliyati bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan edim. Bahor oyida ikki oy Xitoyning nufuzli Pekin Chet tillar universitetida sinxron tarjima yo‘nalishida malaka oshirib qaytdim. Yaqin kunlarda faoliyat jarayonim, shuningdek, mutaxassisligimdan kelib chiqqan holda yangi kitoblar nashr ettirmoqchiman.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish