“Istiqlol farzandlari” iqtidorli yoshlar festivali boshlandi
O‘zbekistonning barcha hududlaridan “Istiqlol farzandlari” iqtidorli yoshlar festivaliga katta ishtiyoq va hayajon bilan yo‘lga chiqqan yoshlar Toshkent shahriga yetib kelishdi.
Dastlab “O‘zbekiston” mehmonxonasiga joylashgach, matbuot anjumanida ishtirok etish uchun Temuriylar tarixi davlat muzeyiga yo‘l olishdi.300 nafar qitidorli yoshni jam qilgan festival avvalida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Dastlab “Kamolot” YoIH Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari O‘tkir Shukurov, festivalni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi direktori o‘rinbosari Xayrulla Zikrillayev esa, ayni paytda Respublikamizda 1556 ta o‘rta maxsus kasb-hunar kolleji va akademik litsey faoliyat yuritayotgani o‘quv darslaridan tashqari turli tanlovlar tashkillashtirilib, natijada ko‘plab iqtidorli yoshlar kashf etilayotganini alohida ta'kidlab o‘tdi. Fikr-mulohazalarga boy o‘tgan anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Tarixchi olimlar, elimiz ardog‘idagi ustoz san'atkorlar va festival ishtirokchilari o‘rtasida “Temur tuzuklari” kitobi yuzasidan muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvdan so‘ng Temuriylar tarixi davlat muzeyining 3D formatdagi elektron diski taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz “Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali Toshkent shahrida 12 avgust kuniga qadar davom etadi.