Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IUT talabasi Germaniyada o‘tgan xalqaro yoshlar maktabida ishtirok etdi
Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) talabasi Nodirbek Xoliqulov shu yilning iyul oyida Germaniyada o‘tkazilgan koinot va axborot texnologiyalari sohasiga bag‘ishlangan xalqaro yoshlar maktabida ishtirok etdi.
Vyurtsburg universiteti tomonidan tashkil etilgan yozgi maktab dasturida Misr, Polsha, Ukraina, Gvatemala, Germaniya, Hindiston, Meksika, Serbiya, Makedoniya, Uganda, Chexiya va boshqa mamlakatlar vakillari ishtirok etdilar.
Ikki hafta davomida maktab ishtirokchilari robot yasash, yerning sun'iy yo‘ldoshlarini boshqarish, aloqa, xalqaro koinot tizimlari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha nazariy bilimlar oldilar. Nazariy bilimlarni esa kvadrokopterlar yasash va yerning sun'iy yo‘ldoshini boshqarish hamda boshqa mavzudagi amaliy darslarda mustahkamladilar. Maktab ishtirokchilari robotlarning 3D suratlarini yaratish bo‘yicha ham ish olib bordilar.

“Vyurtsburg universitetining yozgi maktabi tadbirlarga juda boy va qiziqarli bo‘ldi. O‘qish davomida aloqa va koinot texnologiyalari sohasida yangi bilimlar orttirdim. Ma'ruzalar raketa va yer yo‘ldoshlarini uchirish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan professorlar tomonidan o‘tildi. Bu esa nafaqat nazariy bilimlar olishga, balki mutaxassislarning boy tajribasini o‘rganish imkoniyatini yaratdi”, - dedi Nodirbek Xoliqulov.

“Menga Yevropa koinotni tadqiq etish agentligi (ESA) va Yevropa yer yo‘ldoshi meteorologiya tashkilotiga tashrifimiz ham qiziq bo‘ldi. Bu yerda tashkilot vakillari yozgi maktab ishtirokchilari uchun tashkilot faoliyati hamda koinotni tadqiq etish sohasida xalqaro hamkorlik bo‘yicha qimmatli ma'lumotlarni berdilar”, - deb qo‘shimcha qildi Nodirbek.
“Bugungi erishayotgan yutuqlarim zaminida, birinchi navbatda, mamlakatimiz mustaqilligi tufayli yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar bo‘lsa, ikkinchidan, mening Toshkent shahridagi Inha universitetida olayotgan bilimlarim yotadi", - deydi Nodirbek so‘zining yakunida.
