Texnologiya | 21:51 / 11.08.2016
4797
2 daqiqa o‘qiladi

Porsche elektr krossover ishlab chiqaradi

Foto:motor.ru

Porsche kompaniyasi to‘liq elektr dvigatelli krossover ishlab chiqarishi mumkin. Yo‘ltanlamas nemis markasining Mission E sportkarining seriyali versiyasidan keyin bunday ikkinchi model bo‘ladi, deb xabar bermoqda o‘z manbasiga iqtibos keltirgan holda Autocar.

Manbaning ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha hali kompaniya rahbariyatining ruxsatini olmagan, biroq elektr krossoverning yaratilish ehtimoli ancha katta. Mashinaning birinchi prototipi 2018 yildan keyin taqdim qilinadi, seriyali varianti esa 2020 yil boshida paydo bo‘ladi.

Yangi mashina Audi e-tron quattro va Mercedes-Benz’ning elektr yo‘ltanlamasiga raqobatchi bo‘ladi.

Porsche’ning birinchi elektrokari 2015 yil kuzda taqdim qilingan Mission E sportkarining sotuvga chiqariladigan varianti bo‘ladi. Prototip 600 ot kuchiga ega elektr dvigatel, to‘liq boshqariluvchi shassi olgan va barcha g‘ildiraklari tortadigan qilib yaratilgan. Mashina 100 km/soat tezlikka 3,5 soniyada, 200 km/soat tezlikka esa 12  soniyada erishadi.

Ushbu mashinaning seriyali modeli loyihasiga 700 mln yevro sarmoya qilingan. Mashina 2020 yilda paydo bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish