Surxondaryoda ishlamasdan turgan kichik korxonalar faoliyatini tiklash yo‘nalishida 70,6 foizga uddalangan
Termizda 2016 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi parametrlarining Surxondaryo viloyatidagi ijrosiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bilan o‘zaro bog‘liq holda viloyat, tuman va shahar hududiy bandlik dasturlari ishlab chiqilib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan tasdiqlangan. 2016 yilga mo‘ljallangan mazkur dasturga muvofiq, viloyatda 67 ming yangi ish o‘rni yaratilgan. Yangi ish o‘rinlarining 26 ming 446 tasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida vohada tashkil etilgan 37 bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalarida 2 ming 709 korxona, tashkilot va muassasa 11 ming 210 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. 1 ming 361 fuqaro xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bilan bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashish uchun shartnoma tuzdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar aholining bandlik masalasini hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Xususan, olti oyda viloyatdagi moliya muassasalari tomonidan sohaga ajratilgan 388 milliard 500 million so‘m kredit evaziga 7 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Termiz, Denov, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy tumanlaridagi tijorat banklarining 641 kichik korxona va mikrofirmani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratgan 126,2 milliard so‘m kredit mablag‘i hisobidan 2 mingdan ortiq kishining bandligi ta'minlangan.
Viloyatda dasturda belgilangan olti oylik asosiy parametrlar bajarilgan bo‘lsa-da, sanoatda reja 78,4 foizga, turizm sohasida atigi 9,5, ishlamasdan turgan kichik korxonalar faoliyatini tiklash yo‘nalishida 70,6 foizga uddalangan. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash masalasida ham ayrim kamchiliklar mavjud.