Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Riodagi suv havzasining noodatiyligi ko‘plab jahon rekordlarining o‘rnatilishiga sabab bo‘layotgani taxmin qilindi
Sport sharhlovchisi Nikolay Yaremenko Riodagi olimpiyachilar musobaqalashayotgan suv havzasi uzunligi belgilangan 50 metrdan 2 smga qisqaroq ekanligini ma'lum qildi.
"Suv havzasini o‘lchadik, u 2 smga qisqaroq chiqdi. Masofani bosib o‘tishga ketgan vaqtga aylantirganda bu taxminan soniyaning yuzdan to‘rt ulushini tashkil qiladi! 2 sm u yoqqa, 2 sm bu yoqqa va mana sizga soniyaning yuzdan sakkiz ulushi (0,08 soniya)!", deb aytdi Yaremenko.
Ta'kidlab o‘tamiz, ayni vaqtda Rioda suzuvchilar 6 ta jahon rekordini o‘rnatishdi: erkaklar orasida britaniyalik Adam Piti ikki marta: 100 metrga brass usulida suzishda (jahon rekordini 0,37 va 0,42 soniyaga yaxshilagan) o‘rnatdi, ayollar orasida vengriyalik Katinka Xossu 400 metrga kompleks suzishda (2,07 soniyaga yaxshiladi), Avstraliya terma jamoasi erkin usulda 4x100 m estafeta suzishida (0,33 soniyaga yaxshiladi), shvetsiyalik Sara Shostrem 100 metrga batterflyay usulida suzishda (0,16 soniyaga yaxshiladi) va amerikalik Keti Ledeki 400 metrga erkin usulda suzishda (1,51 soniyaga yaxshiladi) jahon rekordi o‘rnatishdi.
Biroq Yaremenkoning o‘lchashlari to‘g‘ri bo‘lsa ham, barcha o‘rnatilgan jahon rekordlari baribir haqqoniy o‘rnatilgan bo‘lardi.