Jamiyat | 21:26 / 12.08.2016
11348
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Omskida politsiya jip haydayotgan 11 yoshli bolani to‘xtatdi

11 avgustda Rossiyaning Omsk shahri yo‘l-patrul xizmati nozirlari Toyota Land Cruiser Prado yo‘ltanlamasini haydab ketayotgan 11 yoshli bolani to‘xtatishdi. Bu haqda shaharning politsiya rasmiy sayti ma'lum qildi.     

Bola mashinada o‘z amakisi bilan birga bo‘lgan. Bolaning mashinani haydashga undagan sabab ham bolalarcha "beg‘ubor" bo‘lgan. 

"Juda ham muzqaymoq yegim keldi, yaqin orada esa u yo‘q edi. Dadamni muzqaymoq olib berishlariga yarim soat ko‘ndira olmadim. Keyin o‘zim ketdim", deb aytgan bola.

Voqea joyiga bolaning 48 yoshli otasi chaqirtirilgan. Ota "o‘g‘li mashinani yaxshi hayday olgani uchun o‘g‘liga uni haydashni ishonib topshirganini" aytgan. 

Ma'lum qilinishicha, transport vositasini haydashni haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxsga ishonib topshirish bo‘yicha bolaning otasiga nisbatan 30 ming rubl jarimani nazarda tutuvchi ma'muriy ish ochildi. 

Bola politsiya bo‘limiga olib borilgan va u bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilgan.