Ukraina rossiyaliklar uchun viza tartibi joriy etishi mumkin
Ukraina Rossiya bilan viza tartibini o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin ma'lumotiga asoslanib, «Interfaks-Ukraina» xabar bergan.
"Albatta, biz Rossiya va Ukraina chegarasida nazoratni kuchaytirishimiz darkor. <...> Agar biz viza rejimini kiritsak, bu bizga Rossiya FXX agentlari va boshqa ayg‘oqchilarning mamlakatimizga kirib kelishining oldini oladimi? Men bu yerda aniq javob ko‘rmayapman", degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda rossiyaliklarning Ukrainaga kirib kelishi tashqi pasporto orqali amalga oshmoqda.
Klimkinning qayd etishicha, viza tartibi Ukraina konsulligida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirishni talab etadi.
"Masalan, bizning dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra konsullikda yana qo‘shimcha 100ta ish o‘rni ochish kerak bo‘ladi", degan u.
TIV rahbarining ta'kidlashicha, Rossiya bilan viza rejimini tatbiq etish xavfsizlik zarurati ekanini aniq belgilab olish kerak.
"Agar "ha" deyilsa, amalga oshiramiz. Agar "yo‘q" deyilsa, boshqa chora ko‘riladi", deya qayd etgan u.