Venger: «Hozir boshqa ishlarda bandmiz, Sanches va O‘zil bilan esa hali kelishib olamiz»
«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger Aleksis Sanches va Mesut O‘zilning shartnomalari yuzasidan vaziyat bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Hozircha bu borada hech qanday axborot yo‘q. Biz ularni tarkibda saqlab qolishni istaymiz. Bu tezda hal bo‘ladigan jarayon emas. Bizda ular bilan yana 2 yillik shartnomalar bor, shoshilishga zarurat yo‘q.
Barcha shartnomalarni transferlar darichasi ochiq vaqtda tuzish majburiy emas, bizda bu masalaga qaytish uchun hali vaqt bo‘ladi. Ayni vaqtda biz boshqa ishlar bilan juda bandmiz. O‘ylaymanki, O‘zil va Sanches bilan esa kelishib olamiz», – degan Venger jamoa rasmiy saytiga.
Bundan oldinroq, Mesut O‘zil agar o‘ziga yangi shartnoma taklif qilinmasa, «Real»ga qaytmoqchi ekani haqida xabar paydo bo‘lgandi.
Manba: Tribuna.uz