Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMW avtopiloti amerikalik suzuvchilarga Olimpiadada yutishga yordam berdi
AQShlik suzuvchilar Rio-de-Janeyrodagi Olimpiadaga tayyorgarchilik ko‘rish vaqtida BMW’ning avtopilotida ishlatiladigan texnologiyadan foydalandilar. Bavar markasi bu texnologiyani suzuvchilar uchun moslashtirdi va u suzish bo‘yicha AQSh terma jamoasi tomonidan o‘tgan yildan beri ishlatilmoqda, deb xabar bermoqda Bloomberg agentligi.
Amerikalik suzuvchilar tomonidan avtopilot texnologiyasidan foydalanilayotgani haqida agentlikka suzuvchilarning murabbiylari va bavar markasi vakillari aytib berishdi.
BMW suv ostiga suzuvchilarning harakatlarini sanaydigan kameralarni o‘rnatdi. Xuddi shunga o‘xshash kameralar yordamida BMW avtopiloti harakatlanayotgan va qo‘zg‘almay turgan obektlarni taniy oladi.
12 avgust holatiga ko‘ra, AQSh terma jamoasi 16 ta oltin medal bilan Olimpiadaning jamoaviy hisobida yetakchilik qilmoqda. Ulardan 11 tasi suzuvchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan. O‘yinlardagi AQShning bayroqdori Maykl Felpsning o‘zi 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, 22 karra Olimpiya chempioni bo‘ldi.
Suv osti kameralari sportchining tanasiga biriktirilgan yorug‘lik-diodli elementlarga javob beradi. Olingan ma'lumotlar suzuvchilarga o‘z texnikalarini mukammallashtirishga yordam beradi. Ma'lum qilinishicha, pilotsiz texnologiyaning amerikalik suzuvchilarning ehtiyojlariga moslashtirilishi nemis kompaniyasiga praym-taym vaqtida ko‘rsatilgan bir nechta reklama roligi qiymati, ya'ni 300-600 ming dollarga tushgan.
2013 yilda BMW amerikalik bobsleychilar uchun chanalar yaratgandi. Nemis kompaniyasi yaratgan chanalarda ishtirok etgan amerikalik bobsleychilar Stiven Xolkomb va Stiven Lengton AQSh uchun bu sport turida 62 yil ichidagi birinchi medalni keltirdilar. 2016 yilda BMW AQShlik paralimpiyachilar uchun poyga aravachasini yaratdi va u Riodagi Paralimpiya o‘yinlarida ilk bor qo‘llanadi.