Reuters: AQSh harbiylari IShIDning Afg‘oniston va Pokistondagi yetakchisini yo‘q qildi
IShIDning Afg‘oniston va Pokistondagi bo‘linmasi qo‘mondoni Hofiz Said Xon AQSh dronlaridan birining hujumi davomida yo‘q qilindi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Bu haqda Afg‘onistonning Pokistondagi elchisi Umar Zakxilval ma'lum qildi. Uning aytishicha, terrorchi Afg‘onistonning sharqiy viloyatlaridan birida bo‘lgan.
"Men IShID bo‘linmasi yetakchisi Hofiz Said Xon o‘z qo‘mondonlari va jangarilari bilan 26 iyulda AQSh dronining hujumi vaqtida Nangarxor viloyatida yo‘q qilinganini tasdiqlay olaman", deb aytdi elchi.
Shu bilan birga AQShning Kobuldagi harbiy koalitsiyasi vakili bu xabarni tasdiqlay olmasligini aytdi va harbiy amaldorlar hujumni tergov qilishayotganini qo‘shimcha qildi.
"Tolibon"ning Pokistondagi bo‘limining sobiq a'zosi Said Xonning o‘lgani haqida o‘tgan yili ham xabar qilingandi, biroq o‘shanda rasmiy tasdiqlar olinmagandi.