Jamiyat | 22:18 / 13.08.2016
7113
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya ta'lim vaziri mast holatda mashina haydagani uchun iste'foga ketdi

Foto: rg.ru

Shvetsiya ta'lim vaziri 29 yoshli Aida Xadzialich politsiya uni mast holatda mashina haydashda tutib olgandan keyin iste'foga ketishini e'lon qildi. Xadzialich mamlakatdagi eng yosh vazir hisoblanardi. Bu haqda Dagens Nyheter nashri ma'lum qildi. 

Xadzialich bo‘lib o‘tgan voqeani "hayotidagi eng katta xato bo‘lganini" aytdi. "Odamlarning mendan qanchalik ko‘ngillari qolganini tushunaman, men o‘zimdan jahlim chiqyapti va juda afsusdaman", deb aytdi vazir 13 avgustdagi matbuot-anjumanida. 

Mamlakat bosh vaziri Stefen Lyoven Xadzialichning iste'fosini qabul qildi va uning o‘rniga vaqtinchalik vazirni tayinladi.

Voqea 11 avgustda kechki payt yuz berdi. Xadzialich Kopengagendagi konsertdan Shvetsiyaning Malmyo shahriga mashinasida ketayotganda yo‘l politsiyasi tomonidan to‘xtatilgan. Ayolning qonida 0,2 promile miqdorda alkogol borligi aniqlangan. 

Aniqlanishicha, vazir mashina ruliga o‘tirishdan biroz avval ikki bokal vino ichgan. U alkogol tez orada tarqab ketadi deb o‘ylagan.

Bosniya millatiga mansub Xadzialich ta'lim vaziri lavozimini 2015 yilda 27 yoshida egallagan va Shvetsiya tarixida hukumatning eng yosh a'zosiga aylangandi.