Jamiyat | 10:18 / 13.08.2016
12302
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali yakunlandi

Turkiston san'at saroyining yozgi maydonida festivalning yakuniy gala konserti bo‘lib o‘tdi. Tadbir Prezidentimizning Mustaqillikni tantanavor e'lon qilgan tarixiy sahnaning videolavhasi bilan boshlandi.

Shundan so‘ng ulkan jasorat bilan bosib o‘tilgan yillar ketma-ketligi ekranda namoyon bo‘la boshladi va dorulomon kunlarning chorak asri paydo bo‘ldi.

Qisqa tarix saodati barchani shukronalik kayfiyati ila osuda etib, mustaqillikni asrab avaylash va mustahkamlashda kamarbasta bo‘lishga chorladi.So‘ngra davlat madhiyasi yangradi.

Bayram dasturining kulminatsion nuqtasi ham boshlanib, yoshlarning sevimli xonandalari tomonidan jo‘shqin qo‘shiqlar taqdim etildi. Alisher Turdiyev, Rayhon Ganiyeva, Abduvali Rajabov, “Ummon” guruhi, Shohruhxon va boshqa qo‘shiqchilar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar yoshlarni o‘yin-kulguga chorladi.
“Turkiston” saroyining yozgi sahnasi uzra hilpiragan bayrog'imizning daryodek to‘lqini butun maydonni junbushga keltirdi. Bayram dasturidan o‘rin olgan kreativ o‘yinlar hech kimni befarq qoldirmadi.

E'tiborlisi sahna markazida 25 ramziy raqamining musiqali va rang barang chiroqli ko‘rinishi barcha yoshlarning quvonchiga sabab bo‘ldi.
Gala konsert yuqori kayfiyatda davom etdi. Shukronalik va baxtiyor damlarni ko‘rayotgan yoshlar dilida bir kalom: Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

“Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali hayr demay, balki ko‘rishguncha deb, o‘z ishini yakunladi.