Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Minglab venesuelaliklar Kolumbiyaga oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun yo‘l oldi
Deyarli bir yildan beri yopiq bo‘lgan Kolumbiya bilan chegara ochilgandan keyin Venesuelaning minglab aholisi qo‘shni davlatga oziq-ovqat va zarur mahsulotlarni xarid qilish uchun yo‘l oldi.
Chegaradan o‘tkazish punktlarida erta tongdan turna qator navbatlar yuzaga kelgan. Chegaradagi odamlarning aytishicha, ular Kolumbiyaga asosan yegulik va dori-darmon xarid qilish uchun borishmoqchi.
Ta'kidlanishicha, 5 ta chegara o‘tkazish punkti har kuni 12 soat davomida ochiq bo‘ladi.
Venesuela oxirgi yillar jiddiy iqtisodiy inqiroz va ko‘plab zaruriy mahsulotlar taqchilligini boshdan kechirmoqda.
Avvalroq Venesuela va Kolumbiya prezidentlari o‘zaro chegaralarni bosqichma-bosqich ochishga kelishib olishdi. 2015 yil avgustda davltlar o‘rtasidagi chegara kontrabandachilarning harbiylarga hujumidan keyin yopib qo‘yilgandi. Kontrabandachilar dollar ekvivalentida Venesuelada mahsulotlarning arzonligidan foydalanib, ularni sotib olib, so‘ngra Kolumbiyada qimmatroqqa sotish bilan shug‘ullangan.
Iyul oyida Venesuelaning deyarli 130 ming fuqarosi dam olish kunlari vaqtinchalik ochilgan Kolumbiya bilan chegaradan yegulik xarid qilish uchun o‘tishgan.