Jamiyat | 14:52 / 15.08.2016
9211
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada yangi bolalar oromgohi tashkil etildi

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Farg‘ona viloyati kengashi va bir qator tashkilotlar hamkorligida Quvasoy shahridagi “Nihol” oromgohida tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

O‘zbekistonda navqiron avlodni jismonan va ma'nan sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste'dod va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun zarur sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Davlat rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Farg‘ona viloyatida voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik hisobda turuvchi yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, ularni sport va kasb-hunarga jalb etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. 

"Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik, giyohvandlik kabi illatlar tarqalishining oldini olish, huquqbuzarlik sodir etgan o‘smirlarni sog‘lom hayotga qaytarish, yoshlarning ma'naviyatini yuksaltirish, bolalar sportini rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida tarbiya va sport- sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etildi. Ushbu oromgohga ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turadigan voyaga yetmagan bolalar jalb etildi",  – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Ahadjon Akbarov.

Oromgohda mutaxassislar ishtirokida psixologik seminar-treninglar, giyohvandlik, huquqbuzarlik va diniy ekstremizmning inson kamolotiga salbiy ta'siri va uning oqibatlari haqida suhbatlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, sport musobaqalari o‘tkazildi, badiiy filmlar namoyish etildi. Ularda faol qatnashib jinoyatchilik ko‘chasiga adashib kirib qolganini anglab yetgan o‘nlab yoshlar “Kamolot” tavsiyasi bilan ichki ishlar idoralari profilaktik hisobidan chiqarildi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish