O‘zbekiston | 16:23 / 15.08.2016
11396
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy investitsiyalarni jalb etishda layoqatsizligi tufayli O‘zbekistondagi 8ta AJ rahbari lavozimidan ozod etildi

O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining bugun e'lon qilingan 252-raqamli qaroriga ko‘ra (pdf), 8ta aksiyadorlik jamiyati rahbari ishdan olingan.

O‘zbekiston hukumati aksiyadorlik jamiyatlariga xorij investitsiyasi jalb etilishi bo‘yicha dastur ijrosini ko‘rib chiqqan va grafik bo‘yicha vazifalarni bajarishda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 8 AJ rahbarini lavozimidan ozod etgan.

2015 yilning dekabr oyida qabul qilingan tartibga ko‘ra, AJ tarkibida chet el sarmoyalari hajmi kamida 15 foizni tashkil etishi kerak edi. 2016 yilning fevralida Hukumat  tomonidan 91 AJ ro‘yxati tasdiqlanib, ularga 2016 yilning 1 iyuliga qadar 15 foiz chet el sarmoyalari jalb qilish belgilangan edi.

Hujjatga ko‘ra, 26 AJga chet ellik sarmoyadorlarni jalb qilish 2016 yilning 1 noyabrga qadar, 61 AJga esa – joriy ilkni 1 dekabriga qadar belgilangan. Hujjatda aytilishicha, 17 aksiyadorlik jamiyatida rahbarlarning faoliyatsizligi tufayli sarmoyadorlar jalb qilish grafigi buzilgan.

8 rahbar ishdan olingan, 9 AJ rahbari investorlar bilan samarali ish olib bora olmagan deb topilib, ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan hamda jiddiy ogohlantirilgan.

O‘z lavozimdan mahrum bo‘lgan rahbarlar: «Gidromaxsusqurilish» AJ (A.Rajabov), «Xovrenko nomidagi Samarqand vino kombinati» (A. Nematov), «Toshkent qishloq xo‘jalik texnikasi zavodi» (B. Ishmetov), «Agregat zavodi» ( R. Raximov), «Namangan ulgurji savdo» (T. Abbosov), «Chimboy moy» ( D. Nurimbetov), «O‘zneftgaz qurilish invest» (A. Alimov).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 1 apreldan respublika fond birjasida (Toshkent RFB) 59 korxona va moliya institutlarining qiymati 915 million dollarga teng bo‘lgan davlat ulushini savdoga chiqargan edi.