«Manchester Siti» va «Aston Villa»ning sobiq futbolchisi politsiya qo‘lida halok bo‘ldi
«Manchester Siti» jamoasining sobiq futbolchisi Dalian Atkinson politsiyachi tomonidan elektroshoker qo‘llanishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda The Daily Mail xabar tarqatdi.
Bu hodisa Telford shahrida (Shropshir grafligi, Angliya) ro‘y bergan. Futbolchi bu shaharga o‘z ota-onasinikiga mehmonga kelgandi.
Qo‘shnilarning ma'lumotiga ko‘ra, u narkotik modda ta'siri ostidaligida ularning tinchini buzgan va politsiya chaqirilgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari uni qo‘lga olish vaqtida elektroshokerdan foydalanishgan.
Bu maxsus vosita qo‘llanishidan keyin 48 yoshli Atkinsonning ahvoli keskin yomonlashgan va u yurak xurujini boshdan kechirgan. 1 yarim soat o‘tib, u jon bergan.
Hozirda hodisa bo‘yicha taftish olib borilmoqda.
Atkinson o‘z faoliyatini 1985 yili «Ipsvich»da boshlagan, u keyinroq «Sheffild Uensdey», «Aston Villa» va «Manchester Siti», «Real Sosedad», «Fenerbahche» jamoalari uchun ham to‘p surgan. U professional futbolchi sifatildagi faoliyatini 2001 yilda Koreya ligasida yakunlagandi.
«Aston Villa» futbolchining o‘limi yuzasidan ta'ziya bildirdi.