Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganlik fermer va dehqonlar 2016 yilda 1,37 mln tonna meva-sabzavot hamda poliz ekinlari yetkazib berishadi
Joriy yilda Namangan viloyatida 225 ming gektardan ziyod maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. 7 ming gektardan ziyod maydonda kartoshka, 14 ming 400 gektarga yaqin maydonda sabzavot mahsulotlari, qariyb 27 ming 700 gektar bog‘da meva yetishtirildi. Bu haqda UzA xabar bergan.
Fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan 1 million 371 ming 700 tonna meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum yetishtirish ko‘zda tutilgan. Bu aholining ushbu turdagi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish bilan birga, xorijiy davlatlarga eksport qilish imkonini ham beradi. Masalan,675 ming 200 tonna sabzavotning 106 ming 740 tonnasini qayta ishlash va 39 ming 700 tonnasini eksportga chiqarish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimligidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 12-14 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida viloyatdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan 52 xo‘jalik yurituvchi sub'yekt 70 dan ortiq turdagi mahsulot bilan qatnashgan. O‘nlab davlatlar ishbilarmonlari bilan meva-sabzavot eksporti bo‘yicha umumiy qiymati 189,7 million dollarlik shartnomalar tuzilgan.
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Berry Export Trade”, “Via Lactea”, Namangan shahridagi “Afruz-Kamol-Nabi”, Norin tumanidagi “Agro Checked” va Namangan tumanidagi “Alfa Expo Invest” singari qishloq xo‘jalik korxonalari olma, o‘rik, uzum, xurmo, olxo‘ri, pomidor, bodring, karam, baqlajon, bulg‘or qalampiri, piyoz, mosh, no‘xat, loviya va boshqa mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha xorijlik hamkorlar bilan manfaatli shartnomalar imzoladi.
"Prezidentimizning meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish yuzasidan qabul qilgan qarori faoliyatimiz istiqbolini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Rossiya va Qozog‘istonning bir necha korxona va savdo uylari bilan umumiy qiymati 40 million dollardan ziyod shartnoma imzolashga erishdik. Ushbu shartnomalar asosida 2 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qildik" deydi Namangan tumanidagi “Alfa Expo Invest” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jo‘rabek Zaripov.
Meva-sabzavot eksportini tijorat banklarining kredit mablag‘lari bilan qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish va yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining viloyat filiali ko‘magi bilan Chust tumanida “Olmos farm text”, Chortoq tumanida “Vodiy ta'mir ta'minot baza”, Namangan tumanida “Namangan meva-sabzavot eksport”, Yangiqo‘rg‘onda “Quyoshli diyor saxovatlari” va “Yangikurgan agro invest”, Uchqo‘rg‘onda “Baraka meva sanoat servis” agrofirmalari tashkil etilib, muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur bank tomonidan sabzavotchilik va bog‘dorchilik yo‘nalishlariga 10 milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘lari ajratildi. Masalan, “Navbahor mevasi” fermer xo‘jaligi intensiv bog‘ tashkil etish, “Namangan sharbati” qo‘shma korxonasi meva-sabzavotni qayta ishlash texnologiyasini joriy etishda shunday imkoniyatlardan samarali foydalandi.
“Asakabank” viloyat filialining uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha ixtisoslashgan agrofirmalar tashkil etish loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi natijasida Chust tumanida “Kapital Agro Impeks”, Yangiqo‘rg‘on tumanida “Quyoshli yurt uzumi”, “Gulshan saxovatli maskani”, Chortoq tumanida “Chortoqagroimpeks”, To‘raqo‘rg‘on tumanida “Sohibkor”, Kosonsoy tumanida “Kosonsoy uzumzori” agrofirmalari ishga tushirildi. Mazkur bank tomonidan “Gulshan Shurkent tokzorlari”, “Suv uzumi” kabi uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga 1,6 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.