Sport | 02:48 / 15.08.2016
16155
2 daqiqa o‘qiladi

Rio-2016. Murodjon Ahmadaliyev qozog‘istonlik bokschini yengib, chorak finalga yo‘l oldi

Rio-2016 Olimpiadasining boks bo‘yicha musobaqalari doirasida 56 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida nimchorak final bahslari o‘tkazildi.

O‘zbekiston terma jamoasining bu vazn toifasidagi vakili Murodjon Ahmadaliyev birinchi bosqichdan ozod etilgandi. Ikkinchi bosqichda esa unga qozog‘istonlik kuchli bokschi Qayrat Yeraliyev to‘qnash keldi.

Ushbu bokschilarning o‘tgan yili Qatarda o‘tgan JChdagi jangida Ahmadaliyev g‘alaba qozongandi. Shu bois, qozoq bokschisi revansh maqsadida ringga ko‘tarilgandi. 

Ikki bokschi ham hujumkor uslubda harakat qilib, bokschilar ketma-ket zarbalarni qabul qilishga majbur bo‘lishdi. Dastlabki 2 raund davomida Ahmadaliyevning zarbalari salmoqliroq va aniqroq bo‘ldi. Yeraliyev ikki bo‘lim so‘ngida nokdaunga tushishga ham bir baxya qoldi. Natijada Ahmadaliyev 2 raunddan keyin amalda jang taqdirini hal qilib qo‘ydi — 20:18, 20:18, 20:18. 

Uchinchi bo‘limda Qayrat vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildi. Ko‘proq zarba berishga intildi. U so‘nggi raundda ustun bo‘ldi, ammo jang Murodjon Ahmadaliyevning g‘alabasi bilan yakunlandi — 29:28, 29:28, 29:28.

O‘zbekistonlik bokschi chorak finalda argentinalik Alberto Merianga qarshi ringga chiqadi. Ushbu jang 16 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish