Sport | 01:12 / 15.08.2016
25785
2 daqiqa o‘qiladi

Rio-2016. O‘zbekiston terma jamoasi hisobi yana bir medal bilan boyidi

Yunon-rum kurashchilari O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bir medalni keltirdi. Eng yengil vazn toifasida (59 kg.) bahslarda ishtirok etgan Elmurod Tasmuradov bronza medalini qo‘lga kiritdi. 

U uchinchi o‘rin uchun bellashuvda qirg‘izistonlik Arsen Eraliyevga qarshi gilamga chiqdi. Dastlabki bo‘limda Tasmuratov 5-0 hisobida oldinga chiqib oldi. Ikkinchi bo‘lim boshidagi biroz e'tiborsizlik tufayli qo‘shni yurt sportchisi ikkita uslub orqali 6 ochko ishladi. 

Shundan so‘ng Elmurod faol kurashishga harakat qildi. Raqibning passivligi evaziga ikkita ogohlantirish tufayli hisob tenglashdi — 6:6. Hakam esa o‘zbek kurashchisini parterda yuqoriga qo‘ydi va Tasmuradovdan undan samarali foydalanib 4 ball ishladi. Bahs so‘ngida raqibning xatosidan foydalangan Tasmuradov yana 2 ochko ishladi. Qirg‘izistonliklar appelyatsiya berishdi, ammo unda yutqazishdi. Natijada yana bir ball o‘zbekistonlik atlet hisobiga yozildi — 13:6.

O‘zbekiston delegatsiyasidagi umumiy medallar soni 5taga yetdi. Bu to‘rtinchi bronza medali bo‘ldi. Avvalroq Hasanboy Do‘smatov oltin medalga sazovor bo‘lgandi.

Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi bitta olimpiadada bronza olish bo‘yicha rekordini yangiladi.