Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kredit portfeli 11 trillion so‘mni tashkil qildi
Toshkentda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda bank hamda uning huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mas'ul xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
1992 yilda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki dunyodagi saksondan ziyod bank-moliya muassasalari bilan hamkorlik qilgan bo‘lsa, bugungi kunda bankning vakillik tarmog‘i qariyb yetti yuzga yaqin xalqaro moliya muassasasini qamrab olgan. Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, OPeK fondi, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki, Germaniyaning KfW banki, Koreya Eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki singari yetakchi xorijiy bank-moliya muassasalari kredit yo‘nalishlari jalb qilingan.
Bank tizimida qo‘lga kiritilayotgan natijalar “Moody’s Investors Service” hamda “Standard&Poor’s” nufuzli xalqaro moliya institutlari tomonidan e'tirof etilmoqda. Mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi arafasida “Moody’s Investors Service” xalqaro reyting agentligi tomonidan bankka “barqaror” reyting prognozi berildi.
2016 yilning 1 iyul holatiga bank aktivlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga o‘sib, 18 trillion so‘mni tashkil etgan. Kredit portfeli 11 trillion so‘mni tashkil qilgani holda ularning 91 foizi uzoq muddatli investitsiya kreditlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bankning doimiy diqqat markazida. O‘tgan yilda ushbu yo‘nalishda 1 trillion 800 milliard so‘mlik kreditlar ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 1 trillion 300 milliard so‘mdan ortib, besh mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Joriy yilning birinchi yarmida jamg‘arma tomonidan mahsulot va xizmatlarni eksport qilish yuzasidan 1 ming 600 dan ortiq tadbirkorlik sub'yektiga tashkiliy, huquqiy va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan. Natijada umumiy qiymati 1 milliard 320 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolanib, ular doirasida 379 tadbirkor 643 million dollarlik eksportni amalga oshirgan.
Jamg‘arma bilan hamkorlik qilayotgan tadbirkorlar yil sayin ko‘payib bormoqda. Eksport qilingan mahsulotlar hajmi 26 foiz o‘sgan. Joriy yilning oxiriga borib, 4 ming tadbirkorga ko‘mak ko‘rsatish, eksport hajmini o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida mutaxassislar ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob qaytardi.