O‘zbekiston | 19:34 / 15.08.2016
7709
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida yuklarni avtomatik skanlash tizimi yo‘lga qo‘yildi

«Toshkent» xalqaro aeroportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida yuklarni avtomatlashtirilgan holda skan qilish tizimi joriy qilindi, deb xabar qilingan «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK saytida. 
Bu yo‘lovchilarning yuklarini olish vaqtini qisqartiradi. 

Yangi avtomatlashtirilgan tizim shu yilning aprel oyida joriy qilingan bo‘lib, qisqa davr mobaynida ijobiy samara bergan. Xususan, yuklarni kutib turish vaqti qisqargan, yo‘lovchilarning yuklari yo‘qolgani, zararlangani va yoki yetishmayotgani haqidagi murojaatlari soni ham kamaygan. 

Ushbu tizim, mahalliy dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchisi mahsuloti bo‘lib, jahon me'yorlariga to‘liq mos keladi. Uning aeroport videokuzatuv tarmog‘i bilan bog‘langani istalgan yuk qayerda ekanini aniqlash va unga kimlar teginganini aniqlash imkonini beradi. Bugungi kunda, yuklarni avtomatik ravishda skan qilish va hisobga olish ishlari aeroportga qo‘ngan samolyotlarda yetib kelgan yuklar bilan o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, ushbu tizimni uchayotgan parvozlarga nisbatan qo‘llash borasida ishlar olib borilmoqda. 

Xabarda yozilishicha, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK yo‘lovchilari yangi tizimning ustunliklarini sezishgan bo‘lsa ajab emas. Bu esa, Toshkent aeroportidagi yuklarni qayta ishlash tizimini yaxshilash borasidagi jiddiy loyihaning dastlabki bosqichidir. Yangi tizimdan foydalanish chog‘ida qo‘lga kiritilgan malaka va tajriba «Toshkent-4» yangi xalqaro aeroportini barpo etishda samara berishi shubhasiz.