O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan navbatdagi tibbiy-ijtimoiy aksiya boshlandi
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan «Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin» shiori ostida navbatdagi tibbiy-ijtimoiy aksiya boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mirobod tumanidagi 3-oilaviy poliklinikada 160 dan ko‘proq bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Aktsiyada alohida tibbiy ko‘makka muhtoj aholi qatlamini to‘liq qamrab olishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Xususan, tibbiyot muassasalariga chiqish imkoniyati bo‘lmagan faxriylar, bemorlarning uylariga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Mirobod tumanidagi Istiqlol mahallasida yashovchi Rahima aya Qahhorova xonadonida ana shunday ko‘rik tashkil etildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumotiga ko‘ra, ushbu sog‘lomlashtirish haftaligi mobaynida aniqlangan yuqori texnologiyali tekshirish va davolanishga muhtoj bemorlar uchun avgust oyining uchinchi o‘n kunligida yana bir muhim loyiha amalga oshiriladi. Ya'ni poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, yetakchi klinikalar va ularning hududiy filiallarida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkaziladi. Shu kuni maxsus yo‘llanma bilan ushbu tibbiyot muassasalariga kelgan bemorlar bepul tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, davolanadi.