40 million so‘mga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirgan mudiraning yuzi shuvut bo‘ldi
Xonqa tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasalaridan biriga o‘n uch yil davomida mudiralik qilib kelgan Sabo O‘razova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2012-2015 yillar davomida muassasada ishlamaydigan 4 nafar xodimning nomiga oylik maosh yozib, ularni o‘zi olib kelgan. Bu haqda «Huquq» nashri yozmoqda.
Bundan tashqari, 2015 yil sentabr oyida bog‘chada 201 nafar bola tarbiyalangani holda, ularning soni hujjatda 169 nafar, deb qayd qilindi. Shu tariqa 32 nafar bolaning ota-onalar badal puli kassaga kirim qilinmay, mudiraning cho‘ntagiga tushdi. Oktyabr oyida 25 nafar, noyabr oyida 38 nafar bolaning badal pullari shu tariqa o‘zlashtiriladi.
Tekshirishda mudira 37 mln. 795 ming so‘m miqdoridagi byudjyet mablag‘ni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilganligi ma'lum bo‘ldi.
S.O‘razovaga sud hukmi bilan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.