Diyego Kosta o‘z uslubida. Bu safar jabrlanuvchi raqib darvozaboni
"Vest Hem"ga qarshi uchrashuv vaqtida o‘zining qo‘pol o‘yinlari bilan ajralib turadigan "Chelsi" hujumchisi Diyego Kosta yana bir bor "o‘zini ko‘rsatdi". U raqib darvozaboni oyoqlariga tashlanib, unga ikki oyog‘ida zarba berdi.
"Vest Hem" murabbiyi Slaven Bilich bu holatga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
"Bunday mag‘lubiyatdan keyin albatta alam tuyasan. O‘yinning dastlabki 15 daqiqasida "Chelsi" hujumkor va sifatli o‘yin ko‘rsatdi, individual mahorati ustun bo‘lgan futbolchilar ajralib turishdi. Ammo biz ko‘p o‘tmay o‘yindagi muvozanatga erishdik.
Diyego Kosta va Adrianning to‘qnashuvimi? Diyegoda sariq kartochka bor edi. Bu vaziyatda u to‘pga kechikkani ko‘rinib turgandi, Adrian to‘pni olib ketayotgandi. Hakam Kostani chetlatishi kerak edi, ammo bundan xafa emasman, meni o‘yin oxirida o‘tkazib yuborilgan gol ko‘proq ranjitdi", degan Bilich.
15 avgust oqshomida Angliya premer-ligasining 1-turi doirasida kechgan bu so‘nggi o‘yinda Konte shogirdlari 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.