Jahon | 07:42 / 16.08.2016
4468
2 daqiqa o‘qiladi

Guccifer 2.0 xakeri AQSh demokratlarining o‘g‘rilangan hujjatlaridan yangi ma'lumotlarni internetda joylashtirdi

Foto: © AP

Guccifer 2.0 taxallusli xaker o‘z tomonidan AQSh Demokratik partiyasining kongressga saylovlar bo‘yicha qo‘mitasini buzib kirganda o‘g‘rilagan hujjatlardan yangi ma'lumotlarni internetda joylashtirdi, deb xabar bermoqda Politico.

Ta'kidlanishicha, hujjatlarda Florida shtatining bir necha okruglarida o‘tkazilgan kongressga saylovlarga taalluqli bo‘lgan materiallar, yozuvlar, matbuot anjumanlari, ishlar bor. Hujjatlarda shtatning 13-, 18- va 26-okrugi bo‘yicha ma'lumotlar mavjud.     

"Siz kimga ovoz berishingizni ko‘rishingiz mumkin. Shunday tasavvur paydo bo‘ladiki, kongressga praymeriz ham maynabozchilikka aylantirilmoqda", deb aytdi xaker. 

Iyunda xaker AQSh Demokratik partiyasi milliy qo‘mitasi tarmog‘ini buzganlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini aytgandi. Iyulda The New York Times nashri hujjatlarning o‘g‘rilanishiga Rossiya maxsus xizmatlari aloqador bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgandi. Nashrning fikricha, ruslarning maqsadi AQSh prezidenti lavozimiga saylovlarda Donald Trampga yordam berishdan iborat.