Xitoy smartfonlar bozorida yetakchilar o‘zgardi
Xitoyda Xiaomi smartfonlari savdosi shu yilning ikkinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga taqqoslaganda 38 foizga tushib, 10,5 mln donani tashkil etgan. O‘tgan yilning ikkinchi choragida ushbu kompaniya tomonidan sotilgan smartfonlar soni 17,1 mln donadan iborat bo‘lgan edi, deb yozmoqda Bloomberg.
Qayd etilishicha, Xitoy mobil telefon bozorining yetakchisi o‘z o‘rnini boy berib, to‘rtinchi o‘ringa tushib ketgan. Undan oldingi o‘rinni Huawei, OPPO va Vivo mahsulotlari egallagan.
Umuman, Xitoy smartfonlar bozori tobora raqobatbardosh bo‘lib borayapti. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari sifati va dizaynini yaxshilab, ushbu sohadagi jahon yetakchilari Apple va Samsung kompaniyalariga jiddiy raqobat uyg‘otmoqda.
Joriy yil ikkinchi choragida Apple mahsulotlarining Xitoy bozoridagi savdosi 32 foizga tushib, beshinchi o‘rinni egallab turibdi.
Huawei va OPPO kompaniyalarining muvaffatsiyatini esa texnologik ustunlik bilan izohlash mumkin. Huawei o‘z smartfonlarini Leica obektivlari bilan jihozlagan bo‘lsa, OPPO batareyalarni tez quvvatlash texnologiyasini o‘zlashtirgan.