Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rustam To‘laganovning otasi: "Farzand yutug‘i ota-onaga obro‘ keltiradi"
XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritgan Rustam To‘laganovning xonadonida bayramona kayfiyat. Qavmu qarindoshlar, qo‘shnilar, mahalladoshlar Rustamning yutug‘i bilan qutlash uchun To‘lqin aka va Sanam opaning uyiga yig‘ilgan. Farzandining g‘alabasidan ota-onaning quvonchi cheksiz.
– O‘g‘lim Vatan ishonchini oqlab, ko‘ksimni tog‘dek ko‘tardi. U medalni qo‘lga kiritganini ko‘rganimda yuragim hapriqib ketdi. Rustamning yutug‘i davlatimiz mustaqilligining 25 yillik bayramiga to‘yona bo‘ldi, – deydi Rustamning otasi To‘lqin Nurmuhamedov. – Braziliyaga ketar oldidan u “Men Olimpiadadan, albatta, medal bilan qaytaman”, deb va'da bergan edi. Farzandim so‘zining ustidan chiqib, nufuzli musobaqada shohsupaga ko‘tarildi va xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqladi.
XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida vazni 91 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi yarim finalgacha o‘tkazilgan janglarda Rustam To‘laganov ekvadorlik Xulio Tsezar Kastillo va ozarbayjonlik Abdulqodir Abdullayevni yengib, terma jamoamiz hisobiga bronza medalni keltirdi.
Rustam To‘laganov – mustaqillik tengdoshi. Rustam qo‘lga kiritgan g‘alaba xalqimizga ulkan quvonch, g‘urur bag‘ishladi. U 10 yoshida tajribali murabbiy Abduvali Murzayevdan boks sirlarini o‘rgana boshladi. Maktab va kollejni tamomlab, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirdi, nazariy va amaliy bilimlarini yanada oshirdi.
– Rustamning ilk mashg‘ulotga kelgan kuni hech yodimdan chiqmaydi, – deydi Abduvali aka. – Unda dastlabki kunlardanoq o‘ziga xos harakatchanlik, g‘alabaga bo‘lgan intilish, bokschilarga xos chidam va sabrni sezganman. U qiyin bo‘lsa-da, har bir mashqni to‘la o‘zlashtirib, uni bexato bajarmaguncha tinib-tinchimaydi.
– O‘g‘lim ringga ko‘tarilganida meni kuchli hayajon bosadi. Onaman-da, bolamning jangini ko‘raman, deymanu hech u tomon qaray olmayman. Biroq g‘alabaga erishganida qalbim quvonchga to‘ladi, – deydi Sanam opa. – Olimpiada medalini qo‘lga kiritganida shu aziz Vatanda yashab, farzandlarimiz baxtu kamolini ko‘rayotganimizdan yana bir bor quvondim, qalbim cheksiz faxr-iftixor tuyg‘usi bilan to‘lib-toshdi.