O‘zbekiston | 17:40 / 16.08.2016
7320
7 daqiqa o‘qiladi

Sudlar faoliyatining tizimli tahlili odil sudlov samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi

Bugunga kunda mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini sud orqali himoyalashning ishonchli kafolatini yaratishga qaratilgan islohotlar izchillik bilan olib borilmoqda. Natijada sudlarning vakolati izchil kengaytirilib, odil sudlovni amalga oshirishda ularning xolisligi va mustaqilligi kafolati mustahkamlanmoqda.

Zotan, umumyurisdiksiya sudlarida joriy yilning birinchi yarim yilligi mobaynida amalga oshirilgan ishlarning tahlili bilan bog‘liq quyi¬dagi dalil va raqamlar, fikrimizga yorqin dalil bo‘la oladi.

Avvalambor, sudlar tomonidan hisobot davrida mamlakatimizda qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat, fuqarolarning tinchligini ta'minlash, odil sudlovning sifat va samaradorligini oshirishga, sud-huquq islohotlari doirasida qa¬bul qilingan qonunlarni amalga samarali tatbiq etishga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirildi.
Shu o‘rinda raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan olti oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha respublika sudlarining ish yurituviga 167 mingdan ortiq fuqarolik ishi kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘r¬satkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizga ortgan.

Shundan 139 mingdan ortiq fuqarolik ishi sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan. Ko‘rib tamomlangan ishlar salmog‘i o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 ming 480 taga yoki 7,3 foiz ko‘p demakdir.

Albatta, bu ko‘rsatkichlar xalqimizning huquqiy ongi yuksalayotgani, buzilgan huquq va manfaatlarni sud tartibida tiklash ko‘nikmasi mustahkamlanib borayotganligidan dalolat beradi. Qolaversa, bu raqamlar fuqarolarning sudlarga nisbatan ishonchi ortib borayotganining o‘ziga xos ifodasi hamdir.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hisobot davrida, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan, turar-joydan ko‘chirishga doir ishlar — 20,2 foiz, mulkni ro‘yxatdan chiqarishga doir ishlar — 15,7 foiz, bitimlar bilan bog‘liq nizolarga doir ishlar — 12,9 foiz o‘sgan bo‘lsa, mehnat vazifasini bajarishda xodimlar tomonidan keltirilgan mulkiy zararni undirish bilan bog‘liq ishlar — 42,8 foiz, ish haqini undirish bilan bog‘liq ishlar — 33,1 foiz, bola ta'minoti uchun aliment undirish bilan bog‘liq ishlar — 28,0 foizga kamaygan.

Shuni ham aytish joizki, 2015 yilning birinchi yarim yilida tadbirkorlarning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq 93 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2016 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 48 tani tashkil qilgan. Demak, o‘tgan davrda bunday toifadagi ishlar soni 45 taga yoki 51,6 foizga kamaygan.
Bu, o‘z navbatida, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan barcha to‘¬siq va cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar samarasidir.

Shu davrda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 29 mingdan ortiq jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Ma'lumki, har qanday jinoyat kishilar hayoti va sog‘lig‘iga, jamiyat va davlat manfaatiga jiddiy xavf soladi.

Shu boisdan ham jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishga doir ishlar ko‘lamini kengaytirish, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish zarur.

E'tiborli jihati shundaki, o‘tgan davrda o‘g‘irlik, bezorilik, giyohvandlik va harakat xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha sudlanganlik sezilarli darajada kamaygan.

Demak, bunday toifadagi jinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Shuni ham aytish joizki, hisobot davrida voyaga yetmagan shaxslarning sudlanganligi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 150 nafarga yoki 26 foizga kamaygan. Demak, bu amalga oshirilayotgan huquqiy targ‘ibot ishlarining amaldagi natijasidir.

Sud amaliyotida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida hisobot davrida 6,9 ming nafardan ziyod shaxs, ushbu institut amalga kiritilgandan buyon 184 ming 426 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi. Darhaqiqat, ushbu institutning samaradorligi hamda xalqimizning bag‘rikenglik va kechirimlilik kabi ko‘p asrlik an'analariga uyg‘unligi uning izchillik bilan kengayib borishiga asos bo‘lmoqda.

Shuningdek, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, xususiy mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda sud organlari rolini oshirish, davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining tadbirkorlik sub'yektlarining xo‘jalik va moliyaviy faoliyatiga noqonuniy aralashuvi uchun javobgarligini kuchaytirish birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lishi lozim.
Mazkur yo‘nalishda ham jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, hisobot davrida umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yekt¬larning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qilish kabi harakatlar uchun bir qancha jinoiy va ma'muriy ishlar ko‘¬rib chiqilgan. Natijada 97 nafar shaxsga nisbatan jinoiy va 639 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llanilgan.
Hech shubhasiz, sudlar faoliyatini tizimli tahlil qilib borish yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va kelgusida ularni takrorlamaslik yuzasidan zaruriy choralarni ko‘rish, eng muhimi, odil sudlov samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, sud-hu¬quq sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tufayli aholining huquq va manfaatlari to‘la ta'minlanmoqda. Ze¬ro, ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir insonning ezgu orzularini ro‘yobga chiqarish, pirovardida insonparvarlik tamoyillariga asoslangan demokratik jamiyatni barpo etishdan iboratdir.

Aziz Obidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot kotibi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish