Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Janubiy Afrikada yashovchi juftlik 19 yil avval yo‘qolgan qizini topdi
Selesta va Morne Nyors qizlarining maktabdagi dugonasini uchratganda ularning bir-biriga juda o‘xshashligidan hayratga tushishdi. Bu notanish qiz ularning 19 yil avval o‘g‘irlab ketilgan qizi bo‘lishi mumkinmi?
DNK testi qanday natijani ko‘rsatar ekan?
Hozir Zefani 19 yoshda, Grut Shur shifoxonasidan o‘g‘irlangan paytda esa, u bor-yo‘g‘i 3 kunlik bo‘lgan.
1997 yilning 30 aprelida Keyptaundagi tug‘ruqxonada kesercha kesish yo‘li bilan qiz farzandni dunyoga keltirgan ona uxlab yotgan vaqtida shifoxona xodimi kiyimida bo‘lgan ayol bolani o‘g‘irlab ketgan.
Ayol 17 yil davomida Zefanini o‘z bolasidek katta qilgan, bu sirni hech kimga ochmagan.
Zefani biologik ota-onasi yashagan shaharda ulg‘aydi. Taqdirning o‘yinini qarangki, Nyorslarning kichik qizi maktabda o‘zi bilmagan holatda opasi bilan do‘st tutinadi.
Zefanining singlisi opasi o‘g‘irlab ketilgandan to‘rt yil o‘tib dunyoga kelgan. Maktabda qizlarni ko‘pchilik bir-biriga juda o‘xshatavergach, ular do‘stlashib ketishgan.
Juftlik kichik qizining dugonasini ko‘rishlari bilan ularning o‘xshashligidan hayratga tushishdi va voqeaga oydinlik kiritish maqsadida hukumat idoralari bilan bog‘lanishdi.
O‘tkazilgan DNK tahlillari Zefani Nyorslar oilasining biologik farzandi ekanligini tasdiqladi.
Zefanining biologik ota-onasi OAVga bergan intervyularida qizlarini topishdan hech qachon umidlarini uzmaganliklarini aytgan bir paytda, qiz ijtimoiy xizmatlar qaramog‘ida qoladigan bo‘ldi.
Janubiy Afrika OAVga ko‘ra, qizning ota-onasiga undan xabar olib turishga ruxsat berildi.
Zefani Nyorsni Keyptaundagi tug‘ruqxonadan o‘g‘irlab ketgan ayolga 10 yillik qamoq jazosi belgilandi.
Qizning shaxsini himoya qilish uchun uni o‘g‘irilagan ayolning nomi oshkor etilmadi.
Zefani Bola to‘g‘risidagi Qonun Markazi yordamida shunday qarorga kelganini ma'lum qildi. "Ushbu sinovlardan o‘tishda meni qo‘llab-quvvatlagan barcha insonlarga, shu jumladan meni izlashdan to‘xtamagan kishilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Hozirgi holatda men to‘g‘ri qaror chiqardim", - deydi u.



