Aktyor Jonni Deppning rafiqasi uning ustidan sudga bergan da'vo arizasini qaytarib oldi
Aktyor Jonni Deppning rafiqasi aktrisa Ember Xerd turmush o‘rtog‘ini uni kaltaklashda ayblab sudga bergan da'vo arizasini qaytib oldi.
People jurnalining elektron versiyasida aytilishicha, juftlik o‘zaro e'tirozlarini sudgacha tartibda hal qilishdi.
Jurnal ma'lumotlariga ko‘ra, Xerd vaqtinchalik qo‘riqlash orderi taqdim qilish haqidagi iltimosnomasini qaytib olgan. Avvalroq sud Deppga rafiqasiga 100 yardga (91 metr) yaqinroq kelishni taqiqlab qo‘ygandi. Ma'lum qilinishicha, aktyor va aktrisa ajrashishlari bo‘yicha ishni ham tinchlik bilan hal qilishgan. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Depp rafiqasiga 7 mln dollar berishga rozi bo‘lgan.
"Bizni doimo ehtirosli, ba'zida o‘zgaruvchan, biroq muhabbatga yo‘g‘rilgan munosabatlar birlashtirib turgan. Bizlar hech qachon bir-birimizni moliyaviy foyda uchun ayblamaganmiz hamda ataylab jismoniy yoki hissiy og‘riq yetkazishni istamaganmiz", deb juftlikning bayonotini keltirib o‘tdi jurnal.
Bayonotda, shuningdek, Xerd Deppdan olingan pullarni xayriya ishlariga sarflashi aytilgan.
May oyida Xerd qasamyod ostida Depp unga mobil telefon uloqtirgani va yuziga tarsaki tushirganini aytgan. Aktrisa sudga yuzidagi tirnalish va mamataloq izlari bo‘lgan suratni taqdim qilgan. Ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni 17 avgustda boshlanishi kerak edi.
52 yoshli Depp va 30 yoshli Xerd 2015 yil fevralda nikoh qurishgandi.