Rio-2016. Rossiyalik bokschilardan biri jarohatlari tufayli yarim final jangida ishtirok etmaydigan bo‘ldi
56 kg vazn toifasidagi rossiyalik bokschi Vladimir Nikitin jarohatlari tufayli Olimpiadadagi ishtirokini to‘xtatdi. Uning yarim finalda o‘tkazishi belgilangan amerikalik Shakur Stivensonga qarshi jangi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.
«Biz Vladimirni musobaqadan olamiz, u jarohatlari tufayli jangga tusha olmaydi. Uning boshi yorilgan, boshqa jarohatlar ham bor. U Stivensonga qarshi jang qilmaydi»,— deyilgan rossiyaliklar jamoasi xabarida.
Nikitin chorak finalda Irlandiya vakili Maykl Konlanga qarshi jangga chiqqan va hakamlar tomonidan g‘olib deb topilgandi.
Keyinroq irlandiyalik bokschi bergan intervyusida o‘z mag‘lubiyati Rossiya prezidenti Vladimir Putinning pullari tufayli ekanini aytdi.
Endi Stivenson finalda O‘zbekiston vakili Murodjon Ahmadaliyev va kubalik Robsey Ramires juftligi g‘olibini kutadi.