Jahon | 19:34 / 24.08.2016
10007
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya kurdlari Turkiyaning Jarablusga hujumi oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lganini ma'lum qildi

Foto: AFP

Turkiya harbiylarining Suriya shimolidagi Jarablus shahriga bergan havo zarbalari oqibatida tinch aholining 29 nafar vakili halok bo‘lgan. Bu haqda Suriya Kurdistoni boshqaruvi vakili ma'lum qilgan.

"29 kishi Turkiya hurbiylari Jaralbusni o‘qqa tutishi oqibatida halok bo‘ldi. Yana 3 ming kishi Jarablusdan Manbij shahriga qochib o‘tdi", deyilgan xabarda.

Bundan oldinroq Turkiya armiyasi va samolyotlari AQSh boshchiligidagi koalitsiya bilan hamkorlikda Suriya shimolidagi Jarablus shahrini IShIDdan ozod etish uchun amaliyot o‘tkazishga kirishgani ma'lum qilingandi. Turkiyaning o‘nlab tanklari boshqa harbiy texnikalar hamrohligida Suriya chegarasini kesib o‘tgan.

Suriya kurdlari Turkiyaning yurishi muvaffaqiyatli chiqishiga ishonchsizlik bilan qaramoqda.

"Turkiyaning harbiy amaliyoti - qo‘shni davlat hududini bosib olishga qaratilgan. Albatta, biz ularga qarshi turamiz. Bizning rahbariyatimiz zarur choralarni ko‘radi", degan Kurdlar demokratik ittifoqi partiyasining Moskvadagi vakili Abdislom Ali "Interfaks" agentligiga.

U IShIDga qarshi kurash Turkiyaning Jarablusga yurishi uchun bir bahona ekanini ta'kidlagan.

Bundan oldinroq, Suriya TIV Turkiyaning yurishini o‘z hududiga bostirib kirish sifatida baholab, bu harakatni qoralab chiqqandi.

Mavzuga oid