Light | 22:56 / 27.08.2016
10600
2 daqiqa o‘qiladi

Tverda 7,5 kun davom etgan mini-futbol o‘yini jahon rekordi sifatida qayd qilinishi mumkin

Rossiyaning Tver shahrida 7,5 kun davomida to‘xtovsiz mini-futbol o‘ynagan futbolchilar ularning o‘yini dunyoda eng uzoq davom etgan o‘yin sifatida tan olinishiga umid qilishmoqda. O‘yin tashkilotchilaridan biri, "Arxangel" jamg‘armasi prezidenti Mixail Kamenskiyning aytishicha, o‘yinda hammasi bo‘lib 560 kishi ishtirok etgan.

"19 avgustda "Ximik" stadionida boshlangan mini-futbol o‘yini bir daqiqaga ham to‘xtamadi – ishtirokchilar tunu-kun, har qanday ob-havoda, jumladan kuchli jala vaqtida ham bellashdilar. Va faqat bugun Moskva vaqti bilan soat 14:00 da final hushtagi yangradi", deb aytdi Kamenskiy.

Kamenskiyning aytishicha, umumiy hisobda o‘yinda bir-birini almashtirib 560 kishi o‘ynagan. Ularning orasida Tverning "Volga" futbol klubi professional futbolchilari, sport maktablari va seksiyalari tarbiyalanuvchilari va shunchaki havaskorlar bo‘lgan.

"O‘yinni bir vaqtda to‘rt kamera tasvirga oldi, ulardan biri o‘yinni onlayn efirga uzatdi. Biz yozuvlarni Ginness rekordlar kitobi bosh idorasi joylashgan Buyuk Britaniyaga jo‘natamiz. Umid qilamizki, 6-10 oydan keyin bizga aynan Rossiyada, Tverda eng uzoq davom etgan mini-futbol o‘yini bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatilgani haqida sertifikat beriladi", deb aytdi Kamenskiy va avval bunday rekord hech qaysi davlatda o‘rnatilmagani qo‘shimcha qildi.

Kamenskiyning aytishicha, rekordning o‘rnatilishida o‘z hissasini qo‘shgan ishtirokchilar qimmatli mukofotlar bilan taqdirlanadilar.

Mavzuga oid