O‘zbekiston | 20:13 / 31.08.2016
67724
12 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimovning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston xalqiga mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi. Tabrik televideniyeda o‘qib eshittirildi. Tabrik matni O‘zA tomonidan tarqatilgan.

Aziz vatandoshlar!

Mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, el-yurtimizni mustabid tuzum kishanlaridan ozod qilib, erkin va farovon hayot qurish yo‘lini ochib bergan O‘zbekiston davlat mustaqilligining 25 yillik bayrami bilan barchangizni, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklayman.

Qadrli do‘stlar!

Barchamizga ayonki, mustaqillik hech qaysi xalq, hech qaysi millat tarixida osonlik bilan qo‘lga kiritilgan emas. Bu haqiqatni chuqur anglaydigan xalqimiz    shu  kurashda  fidoyilik   ko‘rsatgan, qurbon bo‘lgan ota-bobolarimizning xotirasini qalbida abadiy saqlaydi.

Ayni shu kunlarda o‘zini oqlamagan eski tuzumdan yangi tizimga o‘tish davrini eslar ekanmiz, boshimizdan kechirgan mashaqqatli kunlar va og‘ir sinovlar beixtiyor ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi.

Ayniqsa, sobiq tuzum asoratlari tufayli respublikamizda ahvol naqadar xatarli tus olganini avvalo ta'minot masalasi butunlay izdan chiqib, xalqimizni boqish uchun bor-yo‘g‘i bir hafta-o‘n kunga yetadigan un zaxirasi qolgani, tartib-intizom bo‘shashib, turli qo‘poruvchi va g‘alamis kuchlar bosh ko‘tarib, yurtimiz deyarli jar yoqasiga kelib qolgani misolida tasavvur qilish qiyin emas.

Ana shunday o‘ta tahlikali vaziyatda ham biz o‘z tanlagan yo‘limizdan – mustaqillik yo‘lidan qaytmadik.   Chunki   biz   yaxshi     tushunardik   –      hayot-mamotimiz hal bo‘layotgan ayni shunday damlarda qiyinchilik va to‘siqlar oldida bo‘sh kelish – bu hozirgi va kelajak avlodlar oldida xiyonat qilish bilan barobar bo‘lur edi.

Ayni shu paytlarda xalqimiz o‘zining qat'iyati va matonatini amalda namoyish etib, O‘zbekistonimizning yorug‘ va buyuk kelajagiga ishonchini yo‘qotgani yo‘q va inshoollo, hech qachon yo‘qotmaydi.

Haqiqatan ham, mustaqillikning birinchi kunlaridanoq, ahvolimiz qanday og‘ir va xavf-xatarli bo‘lmasin, har qadamda paydo bo‘layotgan to‘siq va g‘ovlarni, turli muammolarni yechish bilan band bo‘lishdan qat'i nazar, mamlakatimizning bugungi kuni va istiqboliga javob beradigan, chuqur o‘ylangan strategiyamiz ustida ishimizni to‘xtatganimiz yo‘q.

Biz oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga erishishda – erkin, demokratik davlat qurish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish, fuqarolik jamiyatini barpo etishda,   mamlakatimizni   taraqqiy   topgan davlatlar  qatoriga ko‘tarish yo‘lida shoshma-shosharlik va pala-partish ishlarga yo‘l qo‘ymadik, jahondagi ilg‘or tajribalarni o‘rganib, lekin kimdandir ko‘r-ko‘rona nusxa olganimiz yo‘q. Bu borada chuqur ma'noga ega bo‘lgan “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan g‘oya asosida el-yurtimizga xos xususiyatlar, shart-sharoitlarga mos bo‘lgan, xalqaro maydonda “o‘zbek modeli” deb tan olingan, uzoqni ko‘zlagan yo‘lni o‘zimizga ma'qul topdik va uni amalga oshirishga kirishdik.

Biz tanlagan yo‘l – mashhur besh prinsipga asoslangan taraqqiyot strategiyasi naqadar to‘g‘ri ekanini og‘ir sinovlardan o‘tib,  mamlakatimiz rivoji uchun mustahkam zamin bo‘lib qolganini hayotimizning o‘zi isbotlab bermoqda. Buning tasdig‘ini mustaqillikka erishganimizning dastlabki kunlaridan boshlab eng o‘tkir va hal qiluvchi masala – zamon talabiga javob beradigan yangi avlod kadrlarini tayyorlash vazifasi misolida yaqqol kuzatish mumkin.

Agarki biz 19 yil oldin eski qolip va asoratlardan voz kechib, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va uning uzviy davomi bo‘lgan Maktab ta'limini rivojlantirish umummilliy dasturini qabul qilib, ta'lim-tarbiya tizimini tubdan o‘zgartirmasak, buning uchun davlatimiz va butun jamoatchiligimizning kuch va imkoniyatlarini safarbar etmasak, bugungi ahvolimiz qay darajada bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas.

Hech ikkilanmasdan aytishga barcha asoslarimiz bor – hozirgi kunda litsey va kollejlarni, oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan, hayotga yangicha qaraydigan ming-minglab yoshlarimiz biz uchun, kelajagimiz uchun tog‘dek tayanch bo‘lib, mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlarning tashabbuskori va ijrochisi bo‘lib maydonga chiqmoqda.

Vatanimizning kelajagi va taqdirini o‘z qo‘liga olishga qodir bo‘lgan bunday yangi avlodni tarbiyalashga qaratilgan dasturlarni o‘z vaqtida qabul qilganimiz va davlat siyosati darajasiga ko‘targanimiz yangi jamiyat qurishimizda haqiqatan ham hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.

Tarixan qisqa davrda O‘zbekiston ilgarigi o‘zini boqishga, o‘zini himoya qilishga qurbi yetmagan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olib, aholining hayot darajasi g‘oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq respublikadan bugungi kunda tez va barqaror sur'atlar   bilan  taraqqiy   etib  borayotgan, jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallagan, qudratli davlatga aylanib bormoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb  6 barobar o‘sdi, uning tarkibida sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizga yetdi, jahon miqyosidagi global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, yalpi ichki mahsulotimizning o‘sish sur'atlari oxirgi 11 yil davomida kamdan-kam davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelmoqda. Aytish kerak, 2016 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilda ham o‘sish sur'atlarimiz bundan past bo‘lmaydi.

Eng muhimi, o‘tgan davr mobaynida odamlarimizning salomatligi mustahkamlanib, onalar o‘limi 3,2 barobar, bolalar o‘limi 3,4 barobar kamaygani,  o‘rtacha  umr  ko‘rish  darajasi  66 yoshdan 73,5 yoshga,  ayollar  o‘rtasida 76 yoshga uzaygani, aholimizning soni 2016 yilning oxirigacha 32 milliondan oshib ketishi, ya'ni mustaqillik yillarida xalqimiz 12 millionga ko‘paygani bizning qanday katta yuksalish yo‘lini bosib o‘tganimizni, el-yurtimizning hayot sifati va farovonligi o‘sib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Bularning barchasi avvalo mard va matonatli xalqimizning qahramonona mehnati evaziga amalga oshirilmoqda va mamlakatimiz o‘zining barqaror rivojlanish sur'atlari bilan xalqaro jamoatchilikni hayratda qoldirmoqda.

Muhtaram yurtdoshlar!

Barchamiz yaxshi tushunamiz – biz erishayotgan ulkan marra va natijalar ko‘zlagan maqsadlarimizning faqat ma'lum bir qismini tashkil etadi.

Hozirgi vaqtda tez sur'atlar bilan o‘zgarib borayotgan davr, dunyo bozorlarida noaniqlik, beqarorlik va inqiroz davom etayotgani, raqobat kuchayib, shafqatsiz tus olayotgani, xomashyo narxining pasayib borayotgani – bunday holatlar barchamizdan, avvalo, rahbarlik va yetakchi lavozimlarda o‘tirgan shaxslardan eski qarash va yondashuvlardan, ish uslublaridan butunlay voz kechib, yangicha fikrlashni, ishni tashkil qilish va boshqaruv tizimini zamon talablari darajasiga ko‘tarishni taqozo etmoqda. 

Eng avvalo, mamlakatimizni demokratik yangilash, modernizatsiya qilish, uning raqobatdoshligini oshirish yo‘lida boshlagan islohotlarimizni davom ettirish, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish va unda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning ulushini kengaytirish va uning ustuvorligini ta'minlash vazifalari hal qiluvchi o‘rin tutishi zarur. Shular qatorida xususiy tadbirkorlik va kichik biznes samarasini oshirish, xorijiy investitsiyalar hajmini ko‘paytirish, zamonaviy, yuqori texnologiyalarni joriy etish maqsadida mamlakatimizda yaratilgan imtiyozlarni yanada kengaytirish vazifalari doimo e'tiborimiz markazida turishi darkor.

Bugungi kunda yaqin va uzoq atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib, turli mojaro va qon to‘kishlar davom etayotgani, terrorizm, ekstremizm va narkotrafik xavfi tobora keskinlashib borayotgani har birimizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi va barchamizdan hamisha hushyor va ogoh bo‘lib yashashni talab etadi.

Vujudga kelayotgan mana shunday murakkab sharoitda O‘zbekistonimizning xavfsizligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta'minlash, turli balo-qazolarni ostonamizga yo‘latmaslik, yurtimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolararo hamjihatlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek saqlash, “Bizga tinchlik va omonlik kerak” degan ezgu da'vatni barchamizning burchimiz va ustuvor vazifamiz sifatida amalga oshirishimiz zarur.

O‘zbekistonda olib borilayotgan tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlari sifatida biz boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va paydo bo‘layotgan qarama-qarshilik va ziddiyatlarni tinch, siyosiy kelishuvlar yo‘li bilan yechish tarafdorimiz. 

Turli harbiy-siyosiy blok va alyanslarga qo‘shilmaslik, yurtimiz hududida chet davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishiga va harbiylarimizning chegaralarimizdan tashqaridagi hududlarda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni o‘zimiz uchun ma'qul, deb bilamiz. 

Biz mustaqillik yillarida yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan o‘zaro hurmat, o‘zaro manfaatlarni tan olish asosida olib borayotgan aloqalarimizni, avvalo hamkorlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashga harakat qilib kelganmiz va ayni shunday siyosatni davom ettirishga tayyormiz.  

Aziz vatandoshlar!

Shu  kunlarda  butun  xalqimiz   Braziliyaning  Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida  4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritib,  buyuk g‘alabaga erishgan sportchi yoshlarimizni qizg‘in qutlamoqda. Dunyodagi 206 ta mamlakatdan kelgan manaman degan sportchilar bilan bo‘lgan keskin bellashuvlarda o‘g‘lonlarimizning ko‘rsatgan mardligi va fidoyiligi, mahorati va matonati, ona Vatanimizga muhabbati ming-minglab yoshlarimiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘ldi, deb g‘urur va iftixor bilan baralla aytishga barchamiz haqlimiz.

Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, O‘zbekiston yoshlarining dunyoda hech kimdan kam emasligini butun jahonga namoyish etgan mohir sportchilarimizga, ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylariga, milliy olimpiya terma jamoamizning barcha a'zolariga chin qalbimdan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Siz, yoshlarimizga, mening aziz farzandlarimga qaratib aytmoqchiman: bo‘sh kelmang, azizlarim, davr bizniki, marra bizniki!

Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!

Sizlarni, butun xalqimizni Mustaqillik kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga, el-yurtimizga fayzu baraka tilayman.

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llasin, o‘zi madadkor bo‘lsin!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Mavzuga oid