Islom Karimov vafot etdi
O‘zbekiston xalqi og‘ir judolikka uchradi. Respublikaning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda bugun, 2 sentabr kuni "O‘zbekiston" televideniyesi orqali ma'lum qilindi.
Prezidentda 28 avgust kuni qayd etilgan insult uni hayotdan olib ketdi.
"Aziz vatandoshlar,
Yuragimizda chuqur qayg‘u bilan barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafot etganini ma'lum qilamiz. Islom Abdug‘aniyevich 2016 yil 2 sentabrda Toshkent shahrida bosh miyada qayta tiklanmaydigan o‘zgarishlarga va poliorgan yetishmovchiligiga olib kelgan miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult) oqibatida vafot etdi.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqiqatan buyuk tarixiy shaxs edi. Islom Karimovning qat'iyati va jasorati bilan respublikamiz mustaqillikka erishdi va o‘z taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Yosh davlatimiz uchun g‘oyat murakkab va mas'uliyatli davrda vaziyat beqarorlashuvining oldi olingani va xalqimizning urush dahshatlarini ko‘rmasdan eson-omon o‘tishi bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liq.
Xalqimizning cheksiz muhabbatini qozongan, mustaqil mamlakatimizning Birinchi Yo‘lboshchisi Islom Abdug‘aniyevich Karimov qalblarimizda abadiy qoladi va kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashaydi.
Barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Prezidentimizning vasiyatiga ko‘ra, Islom Karimov shu yil 3 sentabrda ota-onasi mangu qo‘nim topgan ona shahri Samarqandda musulmon urf-odatlariga binoan dafn etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bilan vidolashuv marosimi 2016 yil 3 sentabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Biz barchamiz uchun o‘ta og‘ir judolik munosabati bilan marhumning oila a'zolari va butun O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz", deyildi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tarqatilgan xabarda.
Kun.uz sayti marhumning yaqinlariga va o‘zbek xalqiga sabr tilaydi. Uning xotirasi avlodlar xotirasida abadiy qolajak.
O‘zbekistonda Islom Karimov boshqaruvi davrida bir avlod tug‘ildi, o‘sib-ulg‘aydi, ta'lim-tarbiya oldi. Yurtdagi chorak asrlik barqarorlik, butun bir yangi avlod, yangicha qarash va yangi hayot uchun muhtaram prezidentga minnatdorchilik bildiramiz.
Firoq vaqtidir, ey ko‘zlar, endi qon yig‘lang,
Bilurmisizki, bugun ne kishidin ayrilasiz (Alisher Navoiy)
Mavzuga oid
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
13:30 / 02.09.2024
Foto: Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi
22:05 / 28.08.2024
Shavkat Mirziyoyev akademik Behzod Yo‘ldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
20:03 / 26.08.2024