Jamiyat | 05:07 / 10.09.2016
11375
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda 11 sentabrda vayron bo‘lgan egizak binolardan reklama sifatida foydalanishdi

Amerikadagi ayrim savdo brendlari 11 sentabr voqealari mavzusidan tijoriy maqsadlarda foydalanishga qaror qilgani ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va xaridorlarning g‘azabiga sabab bo‘lmoqda, deya xabar qilgan SNN telekanali.

Telekanalga ko‘ra, 9/11 terakti mavzusi tijoriy reklama mahsulotida qo‘llanilishi mumkin bo‘lmasa-da, ayrim brendlar ushbu sanadan o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilishda foydalanishga urinib ko‘rishgan.

Masalan, Texas shtatining San-Antonio shahridagi matraslar do‘koni suratga olgan promo-rolikda egizak binolarning qulashi matraslar yordamida takrorlangan. Unda, ekranda ko‘ringan qiz mijozlarni katta chegirmalar kutayotganini aytadi. Uning ortida turgan ikki erkak matraslardan yasalgan egizak minoraga sakraydi, shundan so‘ng qiz bir zum hayratlanib qolgach, kameraga o‘girilib, «Biz hech qachon unutmaymiz» degan shiorni takrorlaydi. 

Matras do‘koni ko‘p o‘tmay, g‘azablangan kishilarning ta'na-dashnomlariga qoldi. Uning direktori Mayk Bonano, do‘konning Feysbukdagi sahifasida zudlik bilan uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.   

Aytish joizki, 11 sentabr voqealaridan o‘z reklamasida foydalanish holati AQShning eng yirik savdo tarmoqlaridan biri Walmart tomonidan ham sodir etilgani ko‘pchilikning qahrini keltirib chiqardi. 

Tvitter foydalanuvchilaridan biri Floridada joylashgan supermarket suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan. Unda, Soca-Cola to‘plamlaridan egizak ustun barpo etilib, uning tepasiga «Biz hech qachon unutmaymiz» so‘zlari bitilgan banner osilgani yaqqol ko‘rinib turadi. Ayni surat Tvitter foydalanuvchilarining ko‘p sonli qahrli izohlari bilan boyida, deyish mumkin. Ayrimlar hatto, suratni fotoshop mahsuli deb aytishgan. 

Walmart vakilining Mashable nashriga ma'lum qilishicha, ushbu promo-aksiya g‘oyasi Soca-Cola kompaniyasiga tegishli bo‘lgan, biroq do‘kon rahbariyati uni qo‘llab-quvvatlagan. Kompaniya matbuot kotibi Charlz Krousonning so‘zlariga ko‘ra, ular 11 sentabr voqealariga jiddiy munosabatda bo‘lgani bois, biron kishining ko‘nglini og‘ritishni istamagan. Murojaatlar kelib tusha boshlagach, promo aksiya burchagi buzib tashlangan. Shu bilan birga, Soca-Cola vakili, mazkur reklama kimgadir og‘ir botgan bo‘lsa, ulardan uzr so‘rashini bildirgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2001 yil 11 sentabrda terrorchilar yo‘lovchi samolyotlarini o‘g‘irlab, AQShning Vashington va Nyu-York shaharlariga hujum uyushtirgan. O‘shanda, o‘g‘irlangan samolyotlardan ikkitasi Butunjahon savdo markazining egizak binolariga kelib urilgan edi. Mazkur teraktlarda 3 mingga yaqin inson hayotdan ko‘z yumgan.