Honda «rentgenli ko‘rish» tizimi uchun patent oldi
Yaponiyaning Honda kompaniyasi haydovchiga «rentgenli ko‘rish» imkonini beruvchi bir necha tizimni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Arizalar Amerikaning patent idorasida ro‘yxatga olingan.
Tizimlardan biri maxsus sensorlar yordamida yo‘lning haydovchiga ko‘rinmas hududlarida turgan piyodalarni aniqlay oladi. Bu ma'lumotlar proyektsion displeyda aks etadi, shu bilan halokatning oldini olish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchi funksiya bir safda tizilib harakatlanayotgan 3ta avtomobil haydovchisining boshqaruvini muvofiqlashtirishga qaratilgan. Birinchi mashina ikkinchisi bilan, u esa ortidagi avtomobilga o‘z tezligi, oraliqdagi masofa xususida axborotni ulashadi.
Bu ma'lumotlar har bir mashinaning ekranida paydo bo‘ladi. Shu bilan, eng orqadagi mashina birinchi mashinani ham ko‘ra oladi. Mazkur ishlanmalarning barchasi, kompaniya vakillarining ta'kidlashicha, yo‘llardagi baxtsiz hodisalarni kamaytirishga yordam berishi kerak.