Jahon | 01:23 / 10.09.2016
8478
2 daqiqa o‘qiladi

Washington Post: Amerikaliklar Trampning Putin haqidagi  fikrini ma'qullashdi

Demokratlar AQSh prezidentligiga respublikachilar nomzodi Donald Trampni uning Rossiya yetakchisi Vladimir Putin haqidagi so‘zlari uchun doim tanqid qilishadi, biroq bu siyosatchilar AQShning aksariyat fuqarolari Trampning so‘zlariga qo‘shilishini inobatga olishmaydi, deb yozadi  Washington Post.

Nashrning ta'kidlashicha, Trampning Putin kuchli rahbar ekanligi va u bu borada AQSh prezidenti Barak Obamadan ustunligi haqidagi izohlari hattoki respublikachilar orasida ham xavotir uyg‘otmoqda, lekin uning so‘zlari ijtimoiy fikr so‘rovnomalari natijasiga to‘g‘ri keladi. 

2014 yilda Quinnipiac University AQShda so‘rovnoma o‘tkazgan, unga ko‘ra, ishtirokchilar Putin va Obamaning kuchli yetakchilik fazilatlarini baholashlari kerak bo‘lgan. Respondentlarning 57 foizi bunday xislatlar Rossiya prezidentida borligini ta'kidlashgan, 49 foiz ishtirokchi esa bu so‘rovnomani Obama foydasiga hal qilgan. 

2015 yilda Fox News'ning shu mazmundagi so‘rovnomasida ham Obama Putinga mag‘lub bo‘ldi. Bu safar ovozlar 32/46 foizni tashkil qildi. 

Manbaga ko‘ra, AQShda ijtimoiy fikr natijalari fonida Trampning Rossiya prezidenti haqidagi so‘zlari alohida xavf tug‘diradi, zero bular "Putinning dunyo yetakchisi", deya e'tirof etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.