8 sentabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qabul qilingan qarorga mutaxassislar fikr bildirishda davom etmoqda. O‘zA Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari milliy markazi direktori, yuridik fanlari doktori, professor Akmal Saidovning fikrlarini keltirgan.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev, 8 sentabr kuni o‘tkazilgan qo‘shma yig‘ilishida so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini o‘zining zimmasiga yuklamasliklarini so‘radi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasini, aholi o‘rtasidagi hurmat-e'tiborini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qildi.
N.T.Yo‘ldoshev o‘z murojaatida asosan prokuratura va adliya organlarida ishlaganini, davlat hokimiyati va boshqaruvning boshqa idoralaridagi rahbarlik lavozimlaridagi yetarli tajribaga ega emasligi, bir yarim yillik Senat raisligi davomida orttirgan ko‘nikmalari hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta'minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish uchun yetarli emasligini tan oldi.
Senat Raisi N.T.Yo‘ldoshev o‘zining bu taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma'qullanganini qayd etdi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar hozirgi sharoitda mamlakatning hududiy yaxlitligini, barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta'minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligini e'tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo‘ldoshevning taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatining mazkur muhim qarori mamlakatimiz konstitutsiyasi va qonunlari talablariga to‘la mos kelsa-da, ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet nashrlarida go‘yoki Prezidentning vazifa va vakolatlarining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklatilishi qonunga xilofligi haqidagi gap-so‘zlar “bolalay” boshladi.
Shu munosabat bilan men huquqshunos sifatida o‘z mulohazalarimni bildirib o‘tsam.
Konstitutsiyamizning 96-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.







