26 yoshli angliyalik futbolchi o‘yin vaqtida jon berdi
Angliyadagi havaskor klub hisoblanmish «Shou Leyn» jamoasi futbolchisi Deniyel Uilkinson o‘yin vaqtida hushini yo‘qotib, qayta uyg‘onmadi. Bu haqda BBC Sport xabar berdi.
26 yoshli futbolchi sakkizinchi divizion doirasida «Brigxaus Taun»ga qarshi uchrashuv vaqtida to‘satdan gazonga qulagan. Unga stadiondayoq tibbiy yordam ko‘rsatilgan, u tezda shifoxonaga olib ketilgan, lekin shifokorlar futbolchining o‘limini qayd etishgan.
«U ajoyib yigit edi. Men endi usiz qanday bo‘lishini tasavvur qila olmayapman. Bo‘shliq paydo bo‘ldi, biz barchamiz shifoxonaga bordik. Biz bu judolikni qabul qilishimiz kerak. Uning oilasini qo‘llab-quvvatlab turamiz», — degan «Shou Leyn» murabbiyi Kreyg Elliot.
Uilkinson klub safiga 2016/17 yilgi mavsum arafasida kelib qo‘shilgandi. Bu futbolchi faoliyatini 2010 yili hozirda birinchi ligada ishtirok etayotgan «Hall Siti» jamoasida boshlagandi.
12 sentabr kuni Burkina-Faso terma jamoasi a'zosi, Fransiyaning «Bigugliya» klubi a'zosi Ben Idriss Derme mamlakat kubogi doirasida «Furiani» jamoasiga kechayotgan o‘yin vaqtida halok bo‘lgani ma'lum qilingandi.