Britaniyalik triatlonchi akasini marraga yelkasida yetkazib, internetni "ko‘z-yoshlarga to‘ldirdi"
Triatlon bo‘yicha Meksika mezbonlik qilayotgan jahon seriyasining oxirgi kuni haqiqiy drama bilan yakunlandi.
2016 yilgi Olimpiada chempioni hisoblanmish britaniyalik Alister Braunli Kosumeledagi poyga vaqtida marraga yetay deganida holsizlanib qolgan akasi Jonatan Braunliga yordam ko‘rsatdi.
Jonatan poyga davomida yetakchilik qilgan, ammo finishga yetay deganda o‘zini yomon his qila boshlagandi va yiqilishiga bir baxya qoldi.
Alister bu vaqtda uchinchida kelayotgandi va to‘xtab qolgan akasiga yordamga oshiqdi. Janubiy afrikalik sportchi Genri Shuman esa peshqadamdan o‘zib ketdi.
Alister marragacha bo‘lgan qolgan masofani akasini suyab oldi va ular birgalikda o‘zlarini ta'qib qilayotgan boshqa sportchilardan oldinroq marraga yetib kelishga ulgurishdi.
Finish chizig‘i ustida Alister akasini biroz turtib yuborib, uning kumush medal olishini ta'minladi. O‘ziga esa bronzani ravo ko‘rdi.
Bu holat tasvirlangan ta'sirli video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, kishilar ko‘z yoshlarini tiya olishmayapti va Alisterga tasannolar aytishmoqda.
Beshinchi bo‘lib kelgan ispaniyalik Mario Mola umumiy hisobda mavsum chempionligiga erishdi. U Braunlini 4 ochkoga ortda qoldirdi.
Ispaniyaliklar Jonatanning diskvalifikatsiyasini so‘rab, murojaat qilishgan, ammo bu murojaat rasman rad etilgan.
Alister va Jonatan Braunli Rio olimpiadasi vaqtida oltin va kumush medallarga ega chiqishgandi. Alister 2012 yilgi Olimpiadada ham birinchi bo‘lgan.