Shavkat Mirziyoyev Angrenga tashrifini amalga oshirdi
O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi, bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Angren shahriga tashrifni amalga oshirdi. Bu haqda UzReport xabar bergan.
U tashrif davomida «„Angren“ EIZ hududida konveyer tasmalari, qishloq xo‘jaligi shinalari ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihasi realizatsiyasi bilan tanishgan. Bu yerda yiliga 100 ming metr konveyer tasmalari, 200 ming qishloq xo‘jaligi shinalari, 3 million avtomobil shinalari ishlab chiqarish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. 2015–2018 yillarga mo‘ljallangan loyiha hayotga tatbiq etilishi orqali 1200 ish o‘rni yaratish imkoniyati yuzaga keladi. Loyiha doirasida zavodning 105 nafar mutaxassisi Xitoydagi shunday yo‘nalishdagi zavodlarda stajirovka o‘tab qaytishi borasida kelishuvga erishilgan.
Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Angren IESning yangi energoblokini ko‘zdan kechirdi. Energoblokdagi qurilish-montaj ishlari avgust oyida yakunlangan va ishga tushirilgan edi. Ko‘mirni yoqishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali ish hajmi yiliga 45 foizdan ortadi.
Sentyabr oyidan loyihaviy quvvat bilan ishlay boshlagan energoblok yiliga 840 million kVt/soat elektr energiyasi va 423 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarilishini ta'minlaydi. Yangi energoblokning foydalanishga topshirilishi orqali elektr energiyasi ta'minoti uchun yoqilg‘i sarflanishidagi tejamkorlik yiliga 61 g kVt/s, gaz chiqindilari kamayishi esa yiliga 10,3 ming tonnani tashkil qiladi.
Shavkat Mirziyoyev «Angren» ko‘mir konidagi yuzani ochish, ko‘mir qazib olish va yetkazish ishlari hamda «O‘zbekko‘mir» AJni qayta jihozlash jarayoni bilan ham tanishib chiqqan. 2016 yilning 15 sentabri holatiga ko‘ra, yuzani ochish ishlari hajmi 15,4 million metr kubni, ko‘mir qazib olish hajmi 2,6 million tonnani tashkil etmoqda. Joriy yil oxiriga qadar 23 million metr kub yuza ochilishi, ko‘mir qazib olish hajmini esa 3,7 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Safar chog‘ida Shavkat Mirziyoyev 24-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi hamda Angrendagi dehqon bozorida bo‘lib, sharoitlar bilan tanishgan.
Angren shahri faollari yig‘ilishida shahar infrastrukturasiga oid masalalar tahlil qilingan. Shahar hokimiga va tegishli vazirlik hamda idoralar rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, bir qator tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti v. b. Shavkat Mirziyoyev 16 sentabr kuni Jizzax viloyatida bo‘lib, tashkiliy masalalarni ko‘rib chiqqan edi.
18 sentabr kuni esa u Toshkentning bir qator tumanlariga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, aholi mavzelari, ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha obektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash ishlarining holati bilan bevosita tanishgandi.
Mavzuga oid
22:40 / 07.10.2024
Angrenda ko‘mir koni kengaytirilishi sabab uylari ko‘chgan yoki buzilgan aholiga 60 mlrd so‘mdan ortiq pul to‘lanadi
09:51 / 07.07.2024
Angrenda mashinani soatiga 157 km tezlikda boshqargan ayolga chora ko‘rildi
16:12 / 06.07.2024
Angrenda ayol mashinani aholi punktida soatiga 157 km tezlikda boshqardi
13:24 / 28.06.2024